10:45 / 06.01.2021
15200
Xitoyning yetakchi bankirlaridan biri korrupsiya uchun o‘lim jazosiga mahkum qilindi

Xitoyning yetakchi bankirlaridan biri Lay Syaomin korrupsiya va ikki xotinlik uchun o‘lim jazosiga mahkum qilindi. “Moliyaviy katta to‘rtlik”ka kiruvchi China Huarong Asset Management Co kompaniyasining sobiq rahbari o‘ziga qo‘yilgan 10ta ayblov punkti bo‘yicha aybini tan oldi.      

Foto: Getty Images

Bankir kompaniyaga rahbarlik qilgan vaqtda 1,79 mlrd yuan (276 mln dollar) miqdorida pora olishda ayblangan. Tyanszin sudida ta'kidlanishicha, Lay “o‘ta katta miqdorda pora olish uchun” o‘z mavqeyidan foydalangan va unga nisbatan o‘lim jazosi chiqarilishida ishning o‘ta jiddiyligi hisobga olingan.  

Lay, shuningdek, ikki xotinlikda va nikohsiz farzandlari borligida, davlat budjetidan 25 mln yuandan ko‘proq pul o‘g‘irlaganlikda ayblangan. Bundan tashqari, unga tegishli aktivlar musodara qilinadi va u siyosiy huquqlardan mahrum etiladi. Layga o‘lim jazosi 2 yillik kechiktirishsiz chiqarilgan va bu u sodir etgan jinoyatlarning o‘ta og‘irligidan darak beradi. O‘lim jazosi ijrosining kechiktirilishi o‘lim jazosini 2 yildan keyin 25 yillik yoki umrbod qamoq jazosi bilan almashtirish imkonini beradi. 

Yuqori lavozimli bankirning qilg‘iliqlari haqidagi ish butun Xitoyni larzaga solgan. Mahalliy OAVda ta'kidlanishicha, Layning Pekindagi uyida pul bilan liq to‘la seyf va shkaflar topilgan. Caixin nashrining xabar berishicha, Layda oltin yombilar va qimmatbaho avtomobillar, onasi nomiga ochilgan hisobraqam va ko‘chmas mulk topilgan.

Lay 2018 yilda hibsga olingan va Kommunistik partiyadan chetlatilgan. Layning o‘zi “o‘g‘irlagan pullardan bir yuanini ham sarflamagani, shunchaki ularni jamg‘arganini” aytgan.

Tyanszin sudining ta'kidlashicha, Lay o‘z jinoyatlarini Xitoy raisi Si Tszinpin tomonidan katta ko‘lamli aksilkorrupsion kampaniya e'lon qilingan 2012 yildan keyin sodir etgan. Ushbu kampaniya davomida yuz minglab amaldorlar korrupsiya, tovlamachilik, davlat mablag‘larini xarjlab yuborish va boshqa jinoyatlar uchun jazolangan.

Top