17:15 / 07.01.2021
22874
Navoiyda amaldorlarning oilasiga tegishli kompaniyalar davlat tenderlarida g‘olib bo‘lgan

Navoiyda «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori lavozimida ishlagan ikki amaldorning yaqin qarindoshlariga tegishli kompaniyalar qurilish bo‘yicha davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘ldi.

Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori Mansurov Bahodir Po‘latovich oilasiga tegishli bo‘lgan «Mexrangez B-2002» MChJ bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan, deb yozmoqda Telegram’dagi «Davletovuz» kanali muallifi.

Ta'kidlanishicha, Navoiy viloyati Karmana tumani «Bog‘ishamol» MFY hududidagi 30-sonli maktabni rekonstruksiya qilish (240 o‘rinli o‘quv bloki qurish) obekti bo‘yicha tender komissiyasi yig‘ilishi 2020 yilning 3 iyunida o‘tkazilgan. Qiymati 2 milliard so‘mlik mazkur obektning tender hujjatlarini Bahodir Mansurov komissiya raisi o‘rinbosari sifatida imzolagan.

Bundan tashqari, Navbahor tumani 8-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi binosini mukammal ta'mirlash (125 o‘rinli blok qurilishi) obekti ham «Mexrangez B-2002» MChJga nasib qilgan. Qariyb 2,8 milliard so‘mlik mazkur obekt bo‘yicha tanlov komissiyasi majlisi 2019 yilning avgustida o‘tkazilgan. Tanlov komissiya raisi esa Bahodir Mansurov bo‘lgan.

Hozirgi kunda «Mexrangez B-2002» kompaniyasining barcha ulushi Saodat Mansurovaga tegishli bo‘lib, unga Mehrangiz Mansurov rahbarlik qiladi. «Davletovuz»dagi ma'lumotga ko‘ra, ushbu shaxslar Bahodir Mansurovning turmush o‘rtog‘i va farzandi hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bosh muhandisi bo‘lib ishlagan Alisher Bahromovich Turdiyev hujjatlarga 2020 yilning iyul oyidan 2021 yilning yanvarigacha kompaniya direktori v.b. sifatida imzo qo‘ygan.

Uning oilasiga taalluqli kompaniya — «Baxrombek kelajagi» MChJ ham bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritib kelgan.

Mazkur kompaniya ulushi to‘lig‘icha Mavlonov Javlonbek Abdihamidovichga tegishli. «Davletovuz» ma'lumotiga ko‘ra, u Alisher Turdiyevning kuyovi — singlisining turmush o‘rtog‘i hisoblanadi. «Baxrombek kelajagi» MChJ Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 24-maktabni rekonstruksiya qilish (160 o‘rinli o‘quv bloki qurish) obekti bo‘yicha tenderda (2 milliard so‘mdan ortiq), Karmana tumani 20-sonli umumta'lim maktabini rekonstruksiya qilish (180 o‘rinli o‘quv bloki qurilishi) bo‘yicha tanlovda (1,8 milliard so‘mga yaqin), Zarafshon shahridagi «Kichik sanoat zonasi» hududida suv va kanalizatsiya ta'minoti uchun tashqi muhandislik tarmoqlarini qurish bo‘yicha tanlovda (108 million so‘m) g‘olib bo‘lgan.

Ayni paytda, Davlat statistika qo‘mitasi saytining korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasida esa Bahodir Mansurov yana Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi rahbari sifatida ko‘rsatilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni parlamentga murojaatida bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va parlament nazoratida bo‘lishini ta'kidlagan edi.

6 yanvar kuni o‘tgan Senat yalpi majlisida rais Tanzila Norboyeva davlat xaridlari jarayonidagi manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish, aniqlangan har bitta holat yuzasidan mas'ullar faoliyatiga qonuniy baho berilishi kerakligini ta'kidlagan. Senat raisi davlat xaridlari sohasidagi korrupsion holatlar va shu kabi muhim masalalarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatini tanqid qildi hamda parlamentda agentlikning hisobotini doimiy tarzda eshitib borish tizimini yo‘lga qo‘yishni taklif etgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu masalada «Sababni bartaraf etmasdan turib, oqibatlarga qarshi kurashib bo‘lmaydi» sarlavhasi ostida bayonotini e'lon qilgan. Undan agentlikning asosiy funksiyasi – korrupsiya holatlari aniqlanganda korrupsionerlarni jazolash emas, balki bunga olib kelayotgan sabablarni aniqlashdan iborat ekanini tushunish mumkin.

Avvalroq Andijonda davlat buyurtmalarini buyurtmachining o‘ziga tegishli kompaniyalar taqsimlab olgani ma'lum bo‘lgandi.

Xususan, «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov o‘ziga tegishli bo‘lgan «Milano Biznes Servis» MChJga qariyb 20 milliard so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyati prokuraturasi qurilishlardagi manfaatlar to‘qnashuvini tekshirmoqda.

Davletovuz kanali Jizzax viloyatida ham viloyat hokimi o‘rinbosari qarindoshlarining kompaniyalari bir necha yuz milliard so‘mlik loyihalarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek, viloyat hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyevaga tegishli kompaniya ko‘chalarga gul ekish bo‘yicha bir necha milliard so‘mlik tenderlarni yutib olgani, Xorazmda viloyat hokimining tayinlanganiga bir yil ham bo‘lmagan o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya 20 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgani ma'lum bo‘lgandi.

Top