20:47 / 07.01.2021
1934
O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilmoqda

Sudyalar oliy kengashi huzurida O‘zbekiston Sudyalar klubi tashkil etilmoqda. Bu haqda Kengash matbuot xizmati ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, yangi tuzilma tashkil etish ishlari prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta'minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Sudyalar klubi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qo‘llash yuzasidan so‘rovlarga tushuntirish berish vakolatiga ega bo‘lib, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. Klubning domiy mas'ul a'zolari ko‘p yillik ish tajribasiga, chuqur bilim va yuksak obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan amaldagi va faxriy sudyalar orasidan shakllantiriladi.

2021 yil 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishida klub nizomi tasdiqlandi. Shuningdek, klubga boshqaruvchi tayinlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Kengash qaroriga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi sudyasi Xurshid Sodiqov O‘zbekiston Sudyalar klubi boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Xurshid Sodiqov 1985 yilda tug‘ilgan. Huquqshunos. Faoliyati mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati sudida sud majlisi kotibi, bosh mutaxassis, Oliy sudda katta maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i, Chinoz tumani ma'muriy sudi raisi vazifalarida ishlagan.

2021 yildan jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi sudyasi sifatida ishlab kelmoqda.

Top