22:01 / 08.01.2021
22804
Alisher Usmonovga tegishli kompaniya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini 2021 yilda yakunlaydi

Rossiyaning «USM Holdings Limited» kompaniyasi Toshkentdagi Islom madaniyat markazi qurilish ishlarini 2021 yilning oxirgi choragigacha tugatishni rejalashtirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 119 million dollarga teng. Bu haqda 2021-2023- yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida ma'lum qilindi

Dasturga ko‘ra, Toshkent shahrining Olmazor tumanida qurilishi rejalashtirilgan loyihani Rossiyaning «USM Noldings Limited »kompaniyasi moliyalashtirmoqda. Qurilish ishlari 2019-2021 yillarda amalga oshirilishi belgilangandi.

2017 yili prezident Shavkat Mirziyoyev Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo‘lib, mazkur markaz qurilish loyihasi bilan tanishgandi. Davlat rahbari markaz qurilishiga Alisher Usmonov ko‘mak berayotganini tashrif davomida ma'lum qilgandi.

2019 yil 5 dekabr kuni yangi qurilayotgan markaz hududida 150 kv.m. maydonida teploizolyatsiya (penoplast) mahsulotlari yongani haqida xabar berilgan. Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xabariga ko‘ra, yong‘indan yangi qurilayotgan binoga zarar yetkazilmagan.

Ma'lumot uchun, 2017 yilda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori lavozimiga 2015 yildan Toshkent fransuz alyansi raisi sifatida ishlab kelgan Shoazim Minovarov tayinlangandi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarovning ma'lum qilishicha, markazning ma'muriy va asosiy binolarini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlarga homiylik qilayotgan tadbirkor Alisher Usmonov Islom sivilizatsiyasi markaziga qiymati 8 million dollarga teng bo‘lgan 4 ming 923 nomdagi nodir kitoblar kolleksiyasini tuhfa qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlarini qo‘llab quvvatlash uchun 20 million dollar va tez tibbiy yordam xizmatida ishlayotgan xodimlarga to‘lanadigan bir martalik moddiy yordam uchun 10 million dollar ajratgandi.

Top