12:54 / 08.01.2021
7091

Erkak pedagoglar, xususiy sektor va bepul ovqat. Partiyalar fraksiyalari ta'lim tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar bilan chiqdi

2021 yil 6 yanvar kuni Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Ta'lim va tarbiya – yosh avlod kamolotining poydevori va davlatimiz taraqqiyotining kafolati” mavzusida fraksiyalararo amaliy muloqot o‘tkazildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Muloqotda prezidentning 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ta'lim tizimidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining a'zolari o‘z nuqtayi nazarini bildirdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari partiyaning asosiy maqsadi O‘zbekistonning ta'lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30ta davlat qatoridan joy olishini ta'minlash ekani, ta'lim tizimida raqobat muhiti shakllanishi uchun xususiy sektorga keng yo‘l ochish zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, ta'lim tizimida davlat xususiy sherikchilikni yanada rivojlantirish, tashabbuskor tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga subsidiyalar ajratish kabi takliflar bildirildi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari ta'lim tashkilotlarida erkak pedagoglar salmog‘ini kengaytirish va bu borada ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratish lozimligini aytib o‘tdi. Shuningdek, fraksiya a'zolari sog‘lomlashtirish maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish, ijtimoiy kam ta'minlangan oila farzandlarini boshlang‘ich sinflarda bepul ovqatlantirish tizimini joriy etish taklifini ham ilgari surdi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari ta'lim sifatini yanada oshirish maqsadida o‘quv darsliklari hamda o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalarni qayta ko‘rib chiqish, bolalarning tahliliy va kreativ fikrlashi uchun darsliklar yaratish, boshlang‘ich sinflarda davlat ta'lim standartlari o‘rniga milliy o‘quv dasturlarini joriy etish zaruratiga e'tibor qaratdi.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari tomonidan o‘qituvchi va muallimlarning nufuzi va mavqeyini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash taklif etildi. Shuningdek, bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va kelgusida 3-6 yoshdagi bolalarni majburiy maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish masalalarini ilgari surdi.

Ekologik partiya fraksiyasi a'zolari maktab o‘qituvchilari hamda o‘quvchilari uchun ochiq muloqot qiladigan, fikr almashadigan, hech qanday ro‘yxatga olishlarsiz ma'lumot olish mumkin bo‘lgan yagona portal yaratish taklifini ilgari surishdi.

Fraksiyalar va deputatlarning fikr-mulohazalari asosida ta'lim-tarbiya sohasida qonun ijodkorligi hamda nazorat-tahlil faoliyatini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalarni davlat dasturiga kiritish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi, deyiladi parlament saytida. 

Top