10:17 / 08.01.2021
1190
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

2021-2023 yillarda O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi 3 yilga (2021–2023 y.) mo‘ljallangan. Dasturni amalga oshirish chora-tadbirlari prezidentning 28 dekabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

2021 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari va 2022-2023 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;

2021 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obektlarini ishga tushirish hamda yangi quvvatlar yaratishning maqsadli ko‘rsatkichlari va 2022-2023 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar (obektlar)ning manzilli ro‘yxatlari va maqsadli mo‘ljallar, shu jumladan:

a) quyidagilarni 2021 yilda qurish va rekonstruksiya qilish manzilli ro‘yxatlari:

  • ma'muriy, muhandislik-infratuzilma, alohida muhim va toifalangan obektlar;
  • maktabgacha ta'lim tashkilotlari obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek 2022-2023 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;
  • avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek obektlarni jihozlash va texnikalar xarid qilish;
  • irrigatsiya obektlari;
  • melioratsiya obektlari;
  • huquqni muhofaza qilish va mudofaa obektlari;

b) quyidagilarni 2021 yilda qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash manzilli ro‘yxatlari:

  • oliy ta'lim muassasalari;
  • umumta'lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni, shuningdek 2022-2023 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;
  • sog‘liqni saqlash obektlarini, shuningdek 2022-2023 yillar uchun maqsadli mo‘ljallar;
  • jismoniy tarbiya va sport obektlari;
  • madaniyat va san'at obektlari;

v) 2021 yilda ilm-fan va innovatsiya obektlarini rivojlantirish manzilli ro‘yxati;

g) 2021 yilda issiqlik ta'minoti tizimi obektlarini barpo etish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish manzilli ro‘yxati;

d) 2021 yilda temir yo‘l transporti va metropoliten infratuzilmasini rivojlantirish manzilli ro‘yxati;

ye) 2021 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlari obektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish manzilli ro‘yxati.
 
Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar rahbarlari zimmasiga Dasturning asosiy parametrlari, maqsadli ko‘rsatkichlari va manzilli ro‘yxatlari belgilangan muddatlarda to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash, shuningdek ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish hamda samarali sarflash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatiladi.
 
Dasturga kiritilgan hududiy loyihalar (obektlar) bo‘yicha loyiha hujjatlariga asosan kapital qo‘yilmalar limitlari yetishmagan taqdirda, ularni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 
 
2021 yilda budjet tizimi budjetlari hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlanadi:

moliyalashtirish manbai aniq bo‘lmasa;

belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlarisiz (ishchi loyiha, ishchi hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlarisiz) yoki loyiha hujjatlarini qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlash, ya'ni parallel ravishda olib borish;

pudratchi (loyihachi) tashkilotlarni tanlov (tender) o‘tkazmasdan tanlab olish, agar «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunda, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa.

Top