19:02 / 08.01.2021
8740
Korrupsiya haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish uchun yiliga 500 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi kutilmoqda

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 37-moddasida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish belgilangan. Shuningdek, bu boradagi xorijiy tajribani o‘rgangan holda O‘zbekistonda ham bunday amaliyotni joriy etish boshlanmoqda.

Foto: Dreamstime

7 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas'ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlangani ma'lum qilindi.

Shuningdek, agentlik mas'ul xodimi O‘tkirbek Namozboyev biror shaxsni obro‘sizlantirish yoki shaxsiy g‘araz maqsadlarida korrupsiya haqida yolg‘on ma'lumot berganlar jazolanishini ma'lum qildi.

«Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomdan kelib chiqadigan bo‘lsak, unda oshkoralik, qonuniylik, adolatlilik va fuqarolarning huquq-erkinliklarini kafolatlash prinsiplariga amal qilinadi. Berilgan xabar yolg‘on ekanligi tasdiqlanadigan bo‘lsa, ma'muriy va jinoiy kodekslarda tuhmat bilan bog‘liq bo‘lgan javobgarliklar nazarda tutilgan.

Xabar tasdiqlanmasa, bevosita xabar bergan shaxsni javobgarlikka tortish masalasi ko‘tariladi. Qonun ustuvor, biz qonundan tashqariga chiqa olmaymiz», deya agentlik mas'ulining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu tartibga ko‘ra, fuqarolar va davlat xizmatchilari biror sohada tayyorgarlik ko‘rilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida tegishli organlarga xabar berishlari mumkin. Rag‘batlantirish uchun pul mukofoti miqdori korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfliligidan kelib chiqib belgilangan.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, qaror ijrosi uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan har yili qo‘shimcha o‘rta hisobda 300-500 mln so‘m mablag‘lar talab etiladi.

Top