17:11 / 08.01.2021
4793
Le Figaro: O‘zbekiston eskicha iqtisodiy modeldan chiqish uchun qat'iy islohotlarni amalga oshirmoqda

Fransiyadagi Le Figaro gazetasida chop etilgan «2020 yilda inqirozni chetlab o‘tgan mamlakatlar» sarlavhali maqolasida O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilda iqtisodiy inqirozni yengib o‘tgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri sifatida e'tirof etilgan. Bu haqda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi Kun.uz’ga xabar berdi.

Maqolada qayd etilishicha, Jahon banki dunyoda yalpi ichki mahsulot hajmi 4 foizga kamayganini ma'lum qilgan. O‘tgan yili pandemiya tufayli yuzaga kelgan ushbu misli ko‘rilmagan inqirozdan dunyodagi sanoqli davlatlargina qutulib qolib, 2020 yilda iqtisodiy o‘sishga erishdi.

Shuningdek, Le Figaro muxbiri Armel Boxinyost Markaziy Osiyoning uchta davlati, xususan, O‘zbekiston 2020 yilda ijobiy iqtisodiy faollik namoyish etganini ta'kidladi.

«Rahbariyat tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida mamlakatda iqtisodiy inqirozning oldi olindi hamda ijtimoiy ehtiyojlar va sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar ko‘paytirildi. Shuningdek, XVJ ma'lumotlariga ko‘ra, kichik va o‘rta korxonalarga COVID-19 bilan kurashish uchun katta yordam ko‘rsatildi.

Tabiiy resurslarga boy va yuqori sayyohlik salohiyatiga ega bo‘lgan ushbu davlat rahbari bir necha yildan buyon mamlakatda 2016 yilga qadar hukmronlik qilgan qattiq boshqaruvga asoslangan iqtisodiy modeldan chiqarish uchun qat'iy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmoqda», deyiladi maqolada.

  • Ma'lumot uchun, Le Figaro – 1826 yil Fransiyada tashkil etilgan ommabop gazeta hisoblanib, raqamli ma'lumotlar tarqatishda yetakchi o‘rinda turadi. Gazetaning yangiliklar saytiga bir oyda qariyb 23,5 million kishi tashrif buyuradi hamda gazetaning o‘zi 329 ming nusxada chop etiladi.
Top