13:48 / 08.01.2021
21798
Tolimarjon IESdagi ikkita energoblok yana o‘chib qoldi. Viloyatdagi 8 hudud elektr ta'minotidan to‘liq uzilgan

Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlarida elektr ta'minotida uzilishilar kuzatilmoqda. Bu haqda “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 8 yanvar kuni, Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkita energoblok yana o‘chib qolgan. Shu sababli Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlari elektr ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Shahrisabz shahri, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz, Kitob, Chiroqchi, G‘uzor, Nishon tumanlari elektr ta'minotida to‘liq uzilish kuzatilayotgani aytilgan.

Energetika vazirligi matbuot xizmati e'lon qilgan xabarda aytilishicha, soat 10:27da va 10:31da Tolimarjon IESning 2- va 3-bug‘-gaz qurilmalarida (jami 900 MVt quvvat) energoblok texnologik himoyasining ishlashi natijasida ushbu BGQlari faoliyati to‘xtatilgan. 

Buning natijasida, respublikaning ayrim hududlari bo‘ylab elektr energiyasi ta'minotida umumiy 446 MVt quvvatda cheklov kiritilmoqda. Energetika vaziri Alisher Sultonov boshchiligidagi mutaxassislar mazkur stansiyaga uchib ketgan.

Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan to‘xtatilish sabablari aniqlanmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq, Energetika vazirligi elektr energiyasida kuzatilayotgan uzilishlar bo‘yicha bayonot bergandi. Markaziy Osiyo va Qozog‘istonni bog‘lovchi yagona energetik tizimining elektr uzatish tarmoqlarida rejadan tashqari sodir bo‘lgan uzilishlar sababli avariyaga qarshi avtomatika ishlagan.

Energetik qurilmalarga shikast yetmaslik uchun uskunaning texnologik himoyasi avtomatik ravishda ishlagan va ayrim elektr stansiyalardagi energobloklar o‘chirilgan. Xususan, To‘raqo‘rg‘on IESda quvvati 750 MVt dan 500 MVt gacha, Taxiatosh IESda 280 MVt dan 150 MVt gacha, Navoiy IESda 450 MVt dan 230 MVt gacha va Toshkent IESda 370 MVt dan 180 MVt gacha quvvat kamaygan. Talimarjon IESning umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita BGQlari o‘chirilgan.

Top