19:47 / 08.01.2021
4515

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari: «35 foiz suv quvurlarimiz eskirib ketgan. Shu sabab ko‘p suv yo‘qotyapmiz»

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari Sohibjon Saifnazarov sohani yaxshilash yo‘lidagi eng katta muammolar va vazirlik oldidagi rejalarni sanab o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sohibjon Saifnazarov

«Oxirgi vaqtlarda bizning sohaga ham katta investitsiyalar kiritilyapti, lekin, afsuski, sohadagi muammolar bu bilan yechilib qolgani yo‘q.

Bizda qator muammolar yig‘ilib qolgan. Ulardan birinchisi – yangi qurilishlar sifatining pastligi. Ularda yangi texnologiyalar qurilish normalariga nisbatan juda kam ishlatilyapti», – degan u 8 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Sohibjon Saifnazarovga ko‘ra, vazirlik bu muammoning yechimi uchun yangi tizim – loyihaoldi o‘rganishlarni yo‘lga qo‘ymoqchi.

«Biz bunda gidrogeologik izlanishlarni yaxshilaymiz. Bundan tashqari, har bir loyiha endilikda viloyat, tuman va mahalla kesimida aholi va deputatlar bilan birga ko‘rib chiqiladi», – degan Saifnazarov.

Vazir o‘rinbosari sohada e'tibor qaratish kerak bo‘lgan yana bir muhim masala sifatida tenderlar masalasini aytib o‘tgan. Unga ko‘ra, shu yildan boshlab vazirlik tizimidagi barcha tenderlar faqat onlayn tarzda o‘tkaziladi. Shu bilan bu jarayonda inson omilidan to‘liq voz kechiladi.

«Bizdagi yana bir katta muammo bu – suv yo‘qotishlar masalasi. Haqiqatda tizimimiz eskirib ketgan. Bizda 35 foiz quvurlar eskirgan va ularni to‘liq almashtirish kerak. Bu borada ham biz yangi, energiya tejamkor uskunalar o‘rnatishni rejalashtiryapmiz», – deya ta'kidlagan Saifnazarov.

Vazir o‘rinbosari ma'lum qilishicha, shu yildan sohada «Raqamli suv ta'minot» nomli dastur ishlab chiqiladi. Osiyo taraqqiyot banki bilan birga qilinayotgan ushbu dastur esa vazirlikka jami ichimlik suvining hisobini chiqarish imkonini beradi.

«Hozir bizda suv nasoslarining ham 30-35 foizi ma'nan eskirgan va ular juda ko‘p energiya sarflayapti. Shuning uchun hozir bizdagi suv narxida elektr energiyaning ulushi 47 foizni tashkil etadi. Boshqa davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 20-25 foiz. Biz shuning uchun 2021 yilning o‘zida 100ga yaqin nasoslarni almashtirishni rejalashtiryapmiz. Bu jarayonda quyosh panellaridan ham foydalanamiz», – ta'kidlagan vazir o‘rinbosari. 

Top