15:06 / 08.01.2021
14583
Yashnobod tumanida topilgan ayol kishining murdasi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot berildi

2020 yilning 23 dekabr kuni soat 09:03da Toshkent shahri Yashnobod tumani Sandiqli 1-tor ko‘chasi 2-uy oldida tan jarohatlari bilan noma'lum ayolning murdasi topilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida murdaning shaxsiga oydinlik kiritilib, u 31 yoshli Darya K. ekanligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, 2020 yilning 22 dekabr kuni soat 16:30larda Darya K. tanishlari, Aleksandr K. va Vladimir A. bilan Aleksandr K.ga tegishli S.Mashhadiy ko‘chasida joylashgan uylardan birida tibbiyot spirtini iste'mol qilishgan, so‘ngra Darya K. mast holatda bo‘la turib, Vladimir A.ga «karate» uslublarini ko‘rsatishni boshlagan. Shu vaqtda Darya K. Vladimir A.ga bexosdan jarohat yetkazgani natijasida Vladimir A.ning bundan jahli chiqib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan ikki marotaba uning ko‘krak qismiga jarohat yetkazgan. Natijada, Darya K. tan jarohatlari bilan xonadondan chiqib ketgan va yuqorida ko‘rsatilgan joyda hushini yo‘qotib, so‘ngra vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Vladimir A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida hodisa sodir bo‘lgan joydan oshxona pichog‘i ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda Vladimir A. jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan «qamoqqa olish» tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov davom etmoqda.

Top