07:53 / 08.01.2021
8649

Yirik miqdordagi ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi

2020 yilning 31 dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi (XTBB) “Angren va Appartak” ko‘mir konlarini qo‘riqlash bo‘yicha alohida otryadi xodimlari tomonidan tezkor-profilaktik tadbir olib borilgan.

Bosh boshqarma xabariga ko‘ra, tadbir davomida “Appartak” ko‘mir koni postidan Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashovchi M.E. “HOWO” yuk avtomashinasida yuk xatiga asosan 35 tonna ko‘mir mahsulotini davlat idorasiga qarashli xo‘jalik oshxonasiga olib chiqib ketayotganda, shubha uyg‘otganligi sababli, ortidan kuzatib borilgan.

Kuzatuv davomida mazkur yuk avtomashinasi o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, ko‘mirni boshqa joyga olib ketayotganligi aniqlangan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, davlat idorasi xodimi, Toshkent shahar Sergeli tumanida yashovchi M.X. ushbu ko‘mir mahsulotini Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Maxsus ta'minot” MChJga olib borib sotmoqchi bo‘lgani aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Mazkur ko‘mir nazorat tartibida tarozida o‘lchab ko‘rilganda, 36 tonna 800 kg.ni tashkil etishi aniqlandi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 yanvar kuni Angren temir yo‘l bekati navbatchisi “Angren-Xovos” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan elektrovoz yuk poyezdi tarkibida 49ta usti yarim ochiq ko‘mir ortilgan yuk vagonlari bilan “Angren-Obliq” hamda “Obliq-Aqcha” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida havo magistral bosimining tushib ketishi natijasida to‘xtab qolganligi haqida xabar bergan.

Xabarga asosan zudlik bilan voqea joyiga borilganda, “Angren-Aqcha” temir yo‘l bekatlari oralig‘i 95-km.da temir yo‘l izining yo‘nalishi bo‘yicha o‘ng tomonida taxminan 300-400 kg ko‘mir to‘kilganligi aniqlangan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida havo magistral kranini tortib, yuk poyezdini to‘xtatgan va ko‘mirni poyezddan tushirgan fuqaro Angren shahrida yashovchi U.R. ekanligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Top