13:58 / 08.01.2021
22548
Manba: «Yuventus» Eldor Shomurodovga qiziqmoqda

«Jyenoa» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi Eldor Shomurodov A Seriyaning amaldagi chempioni safiga o‘tishi mumkin, deya xabar bermoqda TuttoSport nashri.

Italiya nashrining yozishicha, Genuya klubi forvardi Eldor Shomurodov «Yuventus» e'tiboriga tushgan. Turin klubi yozgi transfer oynasida o‘zbekistonlik forvardni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. «Yuventus» jamoa safida ijara asosida to‘p surayotgan Alvaro Moratani yozda «Atletiko»ga qaytarmoqchi. Ispaniyalik 28 yoshli hujumchi o‘rniga o‘zbekistonlik 25 yoshli forvardni taklif etmoqchi. 

«Yuventus» sentabr oyida «Atletiko»dan Moratani 9 million yevro evaziga 2021 yilning yoziga qadar ijaraga olgandi. Kelishuv shartida futbolchini 45 million yevro evaziga sotib olish huquqi yozilgan bo‘lsa-da, turinliklar rahbariyati uning o‘rniga Shomurodovga qiziqish bildira boshlagan.

Ma'lumot uchun, Shomurodov o‘tgan mavsumda «Rostov»dan «Jyenoa»ga 7,5 million yevro evaziga o‘tgandi. Eldor Italiya A Seriyasi joriy mavsumida 10 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va 2ta uzatmaga mualliflik qilgan. 25 yoshli forvard so‘nggi ikki o‘yinida jamoasining eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi.

Top