18:11 / 09.01.2021
23484
2020 yil qaysi viloyatlarda eng ko‘p korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgani ma'lum qilindi

2020 yilda eng ko‘p Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas'ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Viloyatlar bo‘yicha olib qaraydigan bo‘lsak, 2020 yilda eng ko‘p Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar boshqa viloyatlarga nisbatan ko‘proq sodir etilgan. Shu hududlarda eng ko‘p zarar ham keltirilgan va ko‘proq jinoyat sodir etilgan.

Shuningdek, 2020 yilda davlat budjetiga 2017-2019 yillarga nisbatan ko‘proq pul qaytarilgan», – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas'ul xodimi O‘tkirbek Namozboyev.

Shuningdek, tadbirda «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlangani ham ma'lum qilindi.

Ushbu tartibga ko‘ra, fuqarolar va davlat xizmatchilari biror sohada tayyorgarlik ko‘rilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida tegishli organlarga xabar berishlari mumkin. Rag‘batlantirish uchun pul mukofoti miqdori korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfliligidan kelib chiqib belgilangan.

Dastlabki tahlillarga ko‘ra, qaror ijrosi uchun O‘zbekiston davlat budjetidan har yili qo‘shimcha o‘rta hisobda 300-500 mln so‘m mablag‘lar talab etiladi.

Top