14:55 / 09.01.2021
6469

Denovda gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib olgan sexlar 59,9 mln so‘m zarar keltirgani aniqlandi

Ma'lum bo‘lishicha, ohak ishlab chiqaruvchi sexlarning rahbariga nisbatan gazdan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Denov tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. tumandagi “Totuvlik” va “Qo‘zichoqli” mahallalarida joylashgan ohak ishlab chiqarish sexlarida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur harakati bilan fuqaro “Hududgaz Surxondaryo” filiali manfaatlariga 59,9 mln so‘m zarar yetkazgan.

Ushbu holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 1852-moddasi, ya'ni gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik bo‘yicha bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 2020 yil 1 dekabrdan boshlab elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzishga oid jinoyatlarni aniqlash MIBdan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o‘tkazilgan edi. Farmonda elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi – ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq tabiiy gazdan eng ko‘p noqonuniy foydalangan hududlar ma'lum qilingan, «O‘zbekneftgazinspeksiya» boshqarma boshlig‘i Abdujabbor Pozilov 2020 yil davomida Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish hisobiga davlat budjetiga eng ko‘p zarar yetkazilganini aytgan edi.

2020 yilning 10 oyida respublika bo‘yicha 2183 ta holatda 62 mln kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan va davlat manfaatlariga 67 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Top