19:01 / 09.01.2021
9283

«Mamlakat tarixidagi eng yomon jinoyat»: demokratlar Trampga impichment e'lon qilishga tayyorlanmoqda

Vakillar palatasidagi demokratlar 11 yanvar kuni impichment amaliyotini boshlash uchun Trampga qarshi rasmiy ayblovlardan iborat yangi moddani taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Foto: Bill O'Leary/The Washington Post via Getty Images

Agar Donald Tramp prezidentlik muddati tugaguniga qadar o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqmasa, kongress vakillar palatasidagi demokratlar unga ikkinchi marta impichment e'lon qilishga urinib ko‘radi, dedi palata spikeri Nensi Pelosi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.

«Palata a'zolari prezident zudlik bilan iste'foga chiqishiga umid qilmoqda», — dedi Pelosi.

 Pelosining qo‘shimcha qilishicha, agar Tramp ularning so‘roviga quloq solmasa, u kongress quyi palatasi qo‘mitalariga impichment amaliyotini boshlashga buyruq beradi.

 Vakillar palatasi a'zosi Adam Shiffning ta'kidlashicha, amaldagi prezident «mamlakat va konstitutsiyaga qarshi eng yomon jinoyatni sodir etdi».

 Vakillar palatasidagi demokratlar 11 yanvar kuni impichment amaliyotini boshlash uchun Trampga qarshi rasmiy ayblovlardan iborat yangi moddani taqdim etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Reuters o‘z manbalariga tayanib.  

 Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni Vashingtonda Donald Trampning minglab tarafdorlariga murojaatidan so‘ng Kongressda sodir bo‘lgan voqealar prezidentni lavozimidan chetlatish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.

 2019 yil dekabrda ham kongress a'zolari Trampni vakolatlarini suiiste'mol qilishda ayblab, uning impichmentini talab qilishgandi. O‘shanda respublikachilar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagani tufayli impichment amalga oshmagan.

Mavzuga oid
Top