13:12 / 09.01.2021
28041

Xususiy banklardan birining boshqaruv raisi qo‘lga olindi

Toshkent shahrida xususiy tijorat banki boshqaruvi raisi, Samarqand viloyati tumanlaridan birining markaziy dehqon bozori rahbari, Qarshi shahridagi jazoni ijro etish muassasasi nazoratchisi, Buxoro viloyatidagi tuman hokimligining komissiya mas'ul kotibi va boshqa mansabdor shaxslarning korrupsion jinoyatlari fosh etildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament va Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida mansabdor shaxslarning korrupsiogen harakatlari to‘xtatildi.

Respublikada faoliyat yuritayotgan xususiy aksiyadorlik-tijorat banklaridan birining boshqaruv raisi Toshkent shahrida tadbirkorlardan biriga 4 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratib berish uchun pora sifatida 15 ming dollar talab qiladi. Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank rahbari so‘ralgan puldan 103 mln so‘mni o‘z tanishiga tegishli mas'uliyati cheklangan jamiyatning hisobraqamiga o‘tkazish orqali qo‘lga kiritgani aniqlandi.

 Samarqand viloyati tumanlaridan biridagi markaziy dehqon bozori rahbari va uning ukasi mahalliy fuqaroga tikuvchilik sexi va do‘kon qurishi uchun yer ajratib berishni va'da qilib, evaziga 10 ming dollar talab qilgan. Tezkor tadbirda aka-ukalar dastlab do‘kon qurilishiga ruxsatnoma chiqartirib berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

DXX Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahridagi Jazoni ijro etish muassasasida sud tomonidan tayinlangan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga foydalanishi uchun uyali telefon kiritib berish hamda kelgusida boshqa buyumlar ham olib kirib berish evaziga 5 ming dollar olgan vaqtida mazkur muassasada xizmat o‘tovchi IIVning Qorovul qo‘shinlari nazoratchisi qo‘lga olingan.

Buxoro viloyatidagi tuman hokimliklaridan biridagi voyaga yetmaganlar bo‘yicha komissiyaning mas'ul kotibi shu yerda yashovchi fuqarolardan biriga tuman markazida savdo markazi qurishi uchun 4 sotix yer maydoni ajratilishiga yordam berishini va'da qilib, evaziga 4 ming dollar so‘ragan va shundan 2 ming dollarni oldindan to‘lov sifatida olgan vaqtida DXX va departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, hozir aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8 yanvar kuni «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» rahbari yonilg‘i quyish shoxobchasini elektr tarmog‘iga ulab berish uchun tadbirkordan 15 ming dollar olgan vaqtida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangani haqida xabar bergan edik.

Top