15:57 / 10.01.2021
15923
«Bittagina xonani isita olyapmiz» - qishloq ayoli hayotidan lavhalar

Xiva tumani Sayot qishlog‘idagi Najmiddin Kubro mahallasi tabiiy gaz tarmog‘idan uzilganiga 10 yildan oshgan. Mahalladagi namunaviy loyiha asosida qurilgan uylarda ham tabiiy gaz yo‘q. Odamlar har yili gaz tarmog‘iga ulanishdan umidvor bo‘lishadi, ammo samarasiz.

Kun.uz «Qishloqda bir kun» ruknida Sayot qishlog‘idagi oilalardan birining turmushi haqida hikoya qiladi.

Najmiddin Kubro mahallasi tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan, odamlar ro‘zg‘orda suyultirilgan gazdan foydalanishmoqda. Uyni isitish uchun esa ko‘mir, o‘tin va tappi yoqilyapti.

Ko‘plab oilalarda asosan bir xona isitilib, oilaning barcha a'zolari shu xonada uxlashadi.

Xursand Madaminov va Nasiba Xo‘jayeva oilasi 6 yildan beri shu mahallada istiqomat qiladi. Ularning 4 farzandi bor.

Nasiba Xo‘jayevaning aytishicha, suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballon 30 kunda bir marta beriladi, lekin u 1 oyga yetmaydi. Gaz tugagach, o‘choqda ovqat qilinadi.

Mahallada ichimlik suvi tarmog‘i ham yo‘q. Odamlar yer ostining iste'molga yaroqsiz, sifatsiz suvidan foydalanishga majbur.

Oilaning daromadi juda kam. Xursand Madaminov ko‘zi ojiz; 526 ming so‘m nafaqa oladi. Nasiba Xo‘jayeva 180 ming so‘m miqdorida 14 yoshgacha bolalari bor oilalarga beriladigan nafaqa puli olyapti. Kichkina bolasi borligi sababli ishlay olmaydi.

Oilaning kichik tomorqasi bor. U yerda 25–30 tup olcha ekilgan. Yozda mevalarini sotib, ro‘zg‘orga pul qilishadi.

Xiva tumani hokimligi bergan ma'lumotga ko‘ra, Najmiddin Kubro mahallasi Vazirlar Mahkamasining «Xorazm viloyati iste'molchilarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 193-sonli qaroriga asosan, tabiiy gaz tarmog‘idan ajratilgan.

«Mahalla belgilangan reja-grafik asosida suyultirilgan gaz ballon bilan uzluksiz ta'minlanmoqda», – deyiladi hokimlik axborotida.

«Xorazm suv ta'minoti» Xiva tuman bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, Xorazm viloyati aholisini ichimlik suvi va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha 2021–2023 yillar uchun «yo‘l xaritasi» tuzilgan bo‘lib, 2021 yilning 2-choragida Najmiddin Kubro mahallasiga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish boshlanadi.

Mahalla ahli eng oddiy maishiy qulayliklardan yana biri – tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berishlarini ham iltimos qilmoqda.

Top