21:08 / 10.01.2021
11210

«Koronavirus universitetlar intihosini boshlab berdi» - isroillik sotsiolog qarashlari

Universitetlarning hozirgi modeli bundan buyon o‘zini oqlamaydi, demoqda isroillik olimlar Tamar Almog va Oz Almog. Ularning fikricha, universitetda jamlangan ilmiy tadqiqot va ta'lim berish funksiyasi ayri holatda bo‘lishi lozim.

Foto: KU Leuven Libraries

Hanuzgacha o‘rta asrlar modeli asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan akademik muassasalarni tubdan o‘zgartirish kerak, deb hisoblaydi Isroilning Hayfa universiteti o‘qituvchilari – doktor Tamar Almog hamda sotsiolog va tarixchi, professor Oz Almog.

Olimlar universitetlar koronainqiroz davrida o‘zini oqlamaganini aytib, ular tub isloh qilishga muhtojligini bildirishgan.

Almoglarning bu bo‘yicha qarashlari 2020 yil avgustida chop etilgan «Akademiya: barcha yolg‘onlar» («Academia: All the Lies») kitobida bayon etilgan. Kitobdagi fikrlar ilmiy davralarda bahslarga sabab bo‘lgani bois The Brussels Times nashri mualliflardan biri Oz Almog bilan suhbatlashdi.

«Tahlillarimizga ko‘ra, akademik tizimda mavjud muammolar kichik o‘zgarishlar bilan hal qilinadigan arzimas masalalar emas. Mavjud universitetlar modeli uzoq yillar davomida o‘zini oqlab kelgan, ammo hozir emas. Bizga mutlaqo yangi modeldagi fan va oliy ta'lim kerak.

Mohiyatan olib qarasa, muqobil variantlar allaqachon bo‘y ko‘rsata boshladi. Yuqori sifatli ta'limni taklif qiluvchi, akademik bo‘lmagan ko‘plab muassasalar mavjud. Ularning ayrimlari yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Sanoqsiz ma'ruzalar, kurslar, turli formatdagi ko‘ngilochar ta'limiy dasturlarni taklif qilishmoqda. Bunday intellektual mashg‘ulotlarga talab katta. Ular muvaffaqiyatga erishayotganining boisi – sinfxonalardagi zerikarli ma'ruzalarni taklif qilmayotganidadir», deydi Oz Almog.

Uning fikricha, akademik tizimda tub o‘zgarishlar bo‘lmayotganiga bozorning yopiqligi va akademik doiralar haqida qotib qolgan qarashlar sabab bo‘lmoqda.

«O‘zgarish qilish uchun ikki narsa muhim. Birinchidan, oliy ta'lim muassasalari monopoliyasini bekor qilish, ko‘p ishtirokchi va minimum nazoratchilardan iborat bo‘lgan ochiq raqobatbardosh bozorni hosil qilish lozim.

Ikkinchidan, ta'lim berish va ilmiy tadqiqot olib borish bir-biridan ayri holatda bo‘lishi kerak.

Hozirgi universitetlar o‘rta asrlar modeliga asoslangan. O‘sha paytda professorlarga hamma narsani biluvchi lordlardek qaralgan.

Erkin bozor faqatgina talab va taklifga asoslanadi, deb bo‘lmaydi. Davlat mablag‘lari va homiylik tashkilotlari orqali moliyalashtiriladigan ta'lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari mavjud bo‘ladi. Hozir bu borada davlat xarajatlarining juda kattaligi, ammo hech qanday rejaning yo‘qligi odamning kulgisini qistaydi.

Bugun davlat universitetlari daromad keltirishga yoki o‘zining mavjudligini qandaydir usulda asoslantirishga harakat qilmaydi. Chunki ularga nisbatan real ijtimoiy ehtiyoj bor yoki yo‘qligidan qat'i nazar, subsidiya olishadi. Davlat ularning bankrot bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymasligini juda yaxshi bilishadi.

Albatta, mamlakatlar va ulardagi universitetlarda dissiplina turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo butun dunyo bo‘ylab akademik doiralar u yoki bu shaklda baribir ham o‘sha eskirgan model asosida ishlaydi. Shu bois hech bir ta'lim muassasasi inqiroz va uning oqibatlaridan qochib qutula olmaydi», deydi olim.

Ozning ta'kidlashicha, yuqori reytingga ega universitetlarda ilmiy tadqiqotlar ham, ta'lim jarayoni ham birdek yaxshi olib borilishi afsona xolos.

«Ta'lim muassasasining nufuzli ekani unda tahsil yaxshi olib borilishini bildirmaydi. Ba'zida ilmiy tadqiqotlar olib borilmaydigan, faqatgina ta'lim berishga asoslangan kichik kollejlar yuqoriroq sifatni ko‘rsatishadi. Chunki oliy ta'lim maskanlarida professor-o‘qituvchilar tarkibi a'zolarning pedagogik ko‘nikmalaridan emas, balki ularning tadqiqotlari mohiyatidan kelib chiqib tuziladi», deydi u.

Shuningdek, olim pandemiya tufayli butun dunyoda onlayn ta'lim formatiga o‘tilganini «vaziyat taqozosi» deb baholagan.

«Agar tanlov imkoniyati o‘zlarida bo‘lganida, universitet va kollejlar hech qachon onlayn ta'limga bu tarzda ommaviy o‘tishmasdi. Vaziyat taqozosi bilangina shunday bo‘ldi.

Mehnat bozorining katta qismi avvalgidek ofisda ishlash tartibiga o‘tmaydi, masofaviy ish shaklini saqlab qoladi. Xuddi shu singari, universitetlar ham to‘liq avvalgi an'anaviy tizimga qaytishmaydi.

Koronavirus barcha o‘qituvchilarni onlayn ta'limga o‘tishga majburlashi tabiiy ijtimoiy evolyutsiyani tezlashtirib yubordi. Zoom'dagi ko‘plab ma'ruzalar o‘ta sodda uslubda tashkil etilgan bo‘lsa-da, ko‘plab o‘qituvchilar uning afzalliklarini his qilishmoqda.

Asosiy muhim jihat shundaki, talabalar ham bu egiluvchan formatning qulayliklarini bilishdi, chunki universitet kampusiga qatnashga endi hojat yo‘q.

Onlayn ta'lim inqilobi hozir homila holatida. Yuqori texnologiyalar bu bozorga to‘la kirib kelgach, ta'lim tizimida o‘yin qoidalarini mutlaqo o‘zgartirib yuboradigan texnologik mo‘jizalar ro‘y beradi.

Bozor ta'limning barcha shakllari uchun ochilishi kerak. Birinchi navbatda kasbiy ta'lim uchun. Chunki yosh kadrlar va ish beruvchilar eng ko‘p shu shaklga ehtiyoj sezadi. Bunda ish beruvchilar yangi kadrning muayyan kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish bilan birga unda til bilish, jamoada ishlay olish, yangi narsa o‘rgana olish, abstrakt tafakkur qila olish kabi qobiliyatlari ham shakllanishini xohlashadi. Ammo bu istak orasida universitetlar ishonchni oqlay olayotgani yo‘q», degan professor Oz Almog.

Top