12:40 / 10.01.2021
4268
Qozog‘istonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda  

Qozog‘istonda parlamentning quyi palatasi – Majilis va mahalliy vakillik organlari – maslihatlarga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu munosabat bilan mamlakatda 9994ta saylov uchastkasi soat 7dan o‘z ishini boshladi. 

Foto MID RK

Parlament saylovlarida respublikada ro‘yxatga olingan 6ta partiyadan 5tasi ishtirok etmoqda: Qozog‘iston xalq partiyasi, hukmron “Nur Otan” partiyasi, “Auil” xalq-demokratik vatanparvarlik partiyasi, “Ak jol” demokratik partiyasi va yaqingacha “Birlik" deb nomlangan “Adal” partiyasi. 

O‘zini muxolif partiya deb hisoblovchi Umummilliy sotsial-demokratik partiya saylovlarda ishtirok etmaslikka qaror qilgan.

Deputatlikka nomzodlar orasida 312 kishi bor bo‘lib, ular orasida Majlisning 34 nafar amaldagi deputati bor. 

Qozog‘istonda ovoz berish huquqiga ega fuqarolar 11,9 mln kishini tashkil qiladi. Saylovlar ortidan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning 398 nafar vakili kuzatuv olib boradi. 

Pandemiya sababli saylovlar sanitar-epidemiologik talablarga rioya qilingan holda o‘tmoqda. Ovoz beruvchilardan tibbiy niqob, qo‘lqoplarda bo‘lish va 1,5 metrlik ijtimoiy masofaga rioya qilish, qo‘l siqishmaslik so‘ralgan.

Ovoz berish soat 20gacha davom etadi. Saylovlarga yakun yasash uchun 7 kun ko‘zda tutilgan bo‘lib, barcha saylov jarayonlari 17 yanvargacha yakunlanishi lozim.

Saylovlar vaqtida tartibni saqlash maqsadida politsiya kuchaytirilgan tartibga o‘tkazilgan.

Shuningdek, 10 yanvarda Qirg‘izistonda prezident lavozimiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu bilan birga, respublikada boshqaruvning qaysi shakliga o‘tish bo‘yicha referendum ham o‘tkazilmoqda.

Top