11:28 / 10.01.2021
11878
Sirdaryoda er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi, oilaning 2 yoshli farzandi reanimatsiyada

Sirdaryo viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida 33 yoshli erkak va uning 26 yoshli turmush o‘rtog‘i vafot etdi. Ularning 2 yoshli qizi reanimatsiyaga yotqizilgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri viloyat prokuraturasiga asoslanib xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Oqoltin tumani ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismining 2021 yil 8 yanvar kuni soat 13:45da bergan xabariga ko‘ra, Oqoltin tumani «Ko‘rkam diyor» mahallasining Marjonbuloq ko‘chasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro T.S., turmush o‘rtog‘i 1994 yilda tug‘ilgan I.S. va voyaga yetmagan farzandi 2019 yilda tug‘ilgan E.R. yashash xonadonida zaharlangan. Zaharlanish oqibatida T.S. voqea joyida vafot etgan.

Shuningdek, turmush o‘rtog‘i I.S. va voyaga yetmagan farzandi E.R. Oqoltin tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, I.S. shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Oqoltin tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Top