11:50 / 11.01.2021
10075

Budjet sohasida yangi jarimalar joriy etildi

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Budjet kodeksiga bir qator tuzatishlar kiritildi.

Norma’ning yozishicha, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-6-moddasiga tuzatishlar kiritildi. Endi ushbu moddaga davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish tartibini buzish ham kiritildi. 2020 yildan boshlab davlat maqsadli jamg‘armalari to‘liq g‘aznachilik ijrosiga o‘tkazilgan, ularning hisobotlari esa xalqaro talablarga muvofiqlashtirilgan.

Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • budjet ijrosi balansini;
  • daromadlar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
  • xarajatlar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
  • debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni;
  • nomoliyaviy aktivlar harakati to‘g‘risidagi hisobotni;
  • milliy va chet el valutasidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotni;
  • taqsimlovchi organlar bo‘yicha tarmoq, shtatlar va kontingentga doir rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni.

Taqsimlovchi organlar har oyda Moliya vazirligiga tahliliy maqsadlar uchun davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari daromadlari va xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etadi. Yuqorida aytib o‘tilgan tarkibiy elementlarni o‘z ichiga olgan to‘liq hisobotlar Moliya vazirligiga (ilgari – Vazirlar Mahkamasiga) quyidagi tartibda taqdim etiladi:

Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan muddatlarda – choraklik hisobotni;

hisobot yilidan keyingi yilning 1 apreliga qadar – yillik hisobotni.

Hisobotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun aybdor mansabdor shaxslarga 1 bazaviy hisoblash miqdoridan 2 bazaviy hisoblash miqdorigacha miqdorda jarima solinadi. Moliya vazirligi va hududiy moliya organlari xodimlariga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-6-moddasi bo‘yicha ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish va uni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish vakolati berildi.

2021 yil 1 apreldan boshlab budjet jarayonining ochiqligini ta'minlash tartibini buzish deb nomlangan yangi modda kiritiladi. Mazkur holatda tegishli ma'lumotlarni ommaga e'lon qilish orqali ochiqlikka erishiladi. 

Hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning saytlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, ular tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining saytlariga ma'lumotni joylashtiradi.

Belgilangan muddatlarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga 2 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solinishi mumkin. Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma Hisob palatasi tomonidan tuziladi, keyin esa ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi.  

Qonun 31.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top