21:08 / 11.01.2021
3217
Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan noqonuniy reklamalarga nisbatan chora ko‘rilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda, 2020 yilda jami 573 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Shundan 317 tasi dori-darmon va biologik faol qo‘shimcha mahsulotlari tovar hamda xizmatlar reklamasining joylashtirilgani bilan bog‘liq.

Foto: adaderana.lk

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Farruh Madaminov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Agentlik rasmiysi o‘z so‘zida bir necha dori-darmon vositalarining noqonuniy reklamalarini misol qilib keltirgan.

 «Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalar yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda jami 573 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Shundan 317 ta dori-darmon va biologik faol qo‘shimcha (BAD) mahsulotlari tovar va xizmatlar reklamasini joylashtirgani ma'lum bo‘lgan.

 Misol uchun, «Novitam life» biologik faol qo‘shimchasi – koronavirusni davolash va uning oldini olishdagi samarali vosita» mazmunidagi reklama joylashtirilgan bo‘lib, mazkur dori davolash xususiyatiga ega ekanligi singdirilmoqda. Vaholanki, bunday kasalliklarga faqatgina shifokor ko‘rigi va tegishli tahlillar yordamida dori vositalari bilan qarshi kurashish mumkin. Shu sababli «Novitam life» biologik faol qo‘shimchasi reklamasi amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda joylashtirilgan. Va ushbu reklamani olib tashlash yuzasidan tezkor ta'sir choralari ko‘rildi.

 Huddi shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda «Tisovir» keng ta'sir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, yangi koronavirus infeksiyasi qo‘zg‘atuvchisini (COVID-19) bartaraf etadi. «Tisovir» O‘zbekiston Respublikasi va boshqa yetakchi davlatlarning COVID-19 ga qarshi davolash standartlarida mavjud» mazmunida reklama axborotlari joylashtirilganligi aniqlandi», – dedi u.

 Ta'kidlanishicha, mazkur ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik uchun reklama qilish mumkin bo‘lmagan, ya'ni shifokor retsepti asosida beriladigan va ta'siri ilmiy isbotlanmagan dori vositasining reklamasini bartaraf etish yuzasidan tezkor ta'sir choralari ko‘rilgan.

Ma'lumot uchun, internetda kanal ochib reklama joylashtirish orqali pul topadigan yoki tijoriy faoliyatga yaqin bo‘lmagan usullar bilan daromad olish orqali o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning qonuniy ishlashi uchun imkoniyat yaratilgan.

Top