15:45 / 11.01.2021
3336
O‘zbekistonda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha agentlik tashkil etilishi mumkin

Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeyini yanada oshirishning muhim masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Parlament saytida yozilishicha, bugun respublika davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1400ga yaqin xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Ularning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat sohasida 82 foizni, ilm-fan, ta'lim-tarbiya, madaniyat va san'at sohasida 72 foizni, qishloq xo‘jaligida 45 foizni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda.

“Ma'lumki, Xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan eng asosiy muammolardan biri ularning bandligini ta'minlashdir. Muammolarning ko‘pi ham shu masalaga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda 1 million atrofida ishsiz ayol bor, bunga doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan, mavsumiy ishlarda band ayollar qo‘shilsa, ularning soni 2-2,5 millionni tashkil qiladi. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolg‘iz onalarni uy-joy bilan ta'minlash masalalari ham bugungi kundagi og‘riqli muammolardan biridir. Ammo ko‘plab ayollarimiz mana shunday og‘riqli dardlarini kimga, qayerga aytishini, kimdan yordam olishini har doim ham bilavermaydi”, - deyiladi ma'lumotda.

Davra suhbatida ishtirokchilar xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanadigan, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlaydigan, chuqur tahlil yuritadigan yaxlit tizim yaratish ehtiyoji sezilayotganligini muhokama qildilar hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha agentlik tashkil etish masalasini o‘ylab ko‘rish lozimligi ta'kidlandi.

Shuningdek, barcha darajadagi davlat va jamoat tashkilotlarida salohiyatli, bilimli, malakali ayollarni rahbarlik vazifasiga tayinlash bo‘yicha kvotalash tartibini kiritish taklifi ham maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.

Top