14:53 / 11.01.2021
14060

Rossiya Federatsiyasiga quritilgan mahsulotlarning eksportida qo‘shimcha talab kiritildi

Rossiyaga quritilgan mahsulotlarni eksport qiluvchilar majburiy ravishda korxona nomi va manzili, mahsulot markirovkasini ko‘rsatishi shart. Avvalroq, Rossiyaga pomidor, quritilgan meva va qalampir eskportiga qo‘yilgan taqiqlar yumshatilgandi.

Foto: Dreamstime

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Durdona Ochilova Rossiya Federatsiyasiga quritilgan mahsulotlarning eksport jarayonida qo‘shimcha talablar joriy etilgani haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Unga ko‘ra, fitosanitariya sertifikatlarida majburiy ravishda «qo‘shimcha deklaratsiya» ustuni bo‘lib, unda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi va manzili, shuningdek, mahsulot markirovkasi ham ko‘rsatiladi.

«Shuningdek, respublikaning Farg‘ona viloyatidan eksport qilinuvchi quritilgan meva mahsulotlarining har bir partiyasi uchun dastlabki elektron xabarnoma hamda mahsulotning fitosanitar xavfsizligini tasdiqlovchi laboratoriya tekshiruv xulosalari ilova qilinadi», – deydi Ochilova.

Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati 2021 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston hukumati huzuridagi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi kafolati ostidagi 34 ta kompaniyaga pomidorlarni Rossiyaga eksport qilishga rozilik bergandi.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston tomoni 34 ta korxona mahsulotlari «Tomato brown rugose fruit virus», ya'ni pomidorning jigarrang burishish virusidan xoli ekanini tasdiqlagandan so‘ng, «Rosselxoznadzor» taqiqlarni yumshatgan.

«Rosselxoznadzor» 2020 yil 18 dekabrdan boshlab Farg‘ona viloyatida joylashgan 7 ta korxonadan pomidor va qalampir mahsulotlarida ham pomidor jigarrang bujmayishi virusi aniqlanmaganligi tufayli ushbu korxonalardan Rossiya hududiga mazkur mahsulotlarni olib kirishga ruxsat bergandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqilgan chorvachilik mahsulotlari, xususan, termik ishlovdan o‘tgan tayyor go‘sht va sut mahsulotlari hamda xomashyolarining Rossiyaga eksporti uchun yo‘l ochildi.

Avvalroq, «Rosselxoznadzor» rasmiy veb-saytida O‘zbekistonning «Sunny land export» kompaniyasi tomonidan eksport qilingan mahsulot tarkibida «Tomato brown rugose fruit virus» aniqlangani vaji bilan Navoiy va Qashqadaryodan pomidor importiga taqiq joriy etgandi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidan eksport qilingan bulg‘or qalampiri va pomidor tarkibida zararkunanda topilgani vaji bilan ushbu hududdan ayni mahsulotlarni import qilishga taqiq qo‘yilgandi.  

Top