18:45 / 11.01.2021
2432
Tanqiddan so‘ng: Ishtixondagi qishloqqa beton simyog‘och o‘rnatish boshlandi

Joriy yil 9 yanvar kuni Kun.uz saytida «2020 yilda rejaga kiritilgan 30 ta simyog‘och va bitta transformator Ishtixonda nega o‘rnatilmadi? Pandemiya yana qachongacha bahona bo‘ladi?» sarlavhasi bilan maqola e'lon qilingan edi. Maqolada Ishtixon tumanida joylashgan Chayjaul qishlog‘i ahlining qo‘lbola simyog‘och va bosim ostida ishlayotgan transformator tufayli elektr energiyasi ta'minotida muammolarga duch kelayotgani yoritilgandi.

Bugun «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ va Ishtixon tuman ETK mazkur maqolaga munosabat bildirdi. Har ikkala munosabatda Kun.uz saytida berilgan tanqidiy maqolada berilgan vajlar o‘rinli ekani, Chayjaul qishlog‘ida qo‘lbola simyog‘ochlarni temir-beton ustunlarga almashtirish va yangi transformator o‘rnatish ishlari pandemiya sababli ortga surilgani hamda ayni kunlarda ishlar boshlab yuborilgani ma'lum qilingan. Munosabatda yozilishicha, Chayjaul qishlog‘iga 30 ta temir-beton ustun yetkazilgan.

«Joriy yilning 9 yanvar kuni Kun.uz saytida «2020 yilda rejaga kiritilgan 30 ta simyog‘och va bitta transformator Ishtixonda nega o‘rnatilmadi? Pandemiya yana qachongacha bahona bo‘ladi?» sarlavhali tanqidiy maqola yuzasidan «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ ma'muriyati qo‘yidagilarni ma'lum qiladi:

Haqiqatan ham Ishtixon tumani Chayjavul qishlog‘i fuqarolari temir-beton ustunlari va transformator bo‘yicha «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ va Ishtixon tuman HETKga murojaat qilgan. Pandemiya tufayli murojaatda keltirilgan muammoni hal etish ishlari qolib ketgan. Kun.uz’da maqola e'lon qilingandan so‘ng Chayjaul qishlog‘iga 30 dona temir-beton ustunlari yetkazildi va yaqin kunlarda o‘rnatilishi haqida ma'lum qilamiz», deyiladi «Samarqand HETK» AJ matbuot xizmatining Kun.uz’ga taqdim etgan munosabatida.

Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati tarqatgan xabarda tuman HETK Kun.uz’da berilgan tanqidiy maqoladagi muammo yechimiga kirishilganini ma'lum qilgan:

«Ishtixon tuman «Humo» MFY, Chayjaul qishlog‘idagi simyog‘ochlar va transformator yangilanishi, 2020-2021 yil davlat dasturi rejasiga kiritilgan. Hozirgi kunda Chayjaul qishlog‘iga 30 dona beton ustunlar olib kelindi. Tez kunda loyiha tayyorlanib, shu asosida beton ustunlar o‘rnatiladi. 2021 yil may oyiga qadar transformator o‘rnatilib, barcha qurilish ishlari yakuniga yetkaziladi», deyiladi munosabatda.

P.S. Murojaatchilar bilan bog‘langanimizda ular Chayjaul qishlog‘iga haqiqatan 30 dona temir-beton ustun olib kelinganini tasdiqlashdi.

Top