11:09 / 11.01.2021
8755
«Tojikiston Rog‘un GES qurilishi uchun do‘stona va qardosh mamlakatlardan sarmoyalar jalb qilishdan manfaatdor» – Imomali Rahmon

Tojikiston prezidenti Rog‘un GES qurilishida xorijiy sarmoya jalb etishga umid bog‘lagan. Keyingi ikki yilda inshootni qurish uchun zarur bo‘lgan umumiy mablag‘ taxminan 1,1 milliard dollarni tashkil etadi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Qatarning «Ash-Sharq» gazetasiga bergan intervyusida gidroenergetika sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari haqida to‘xtaldi.

«Ushbu inshoot Tojikistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi muhim omil bo‘lib, qayta tiklanadigan manbalardan toza energiya ishlab chiqarish nuqtayi nazaridan mintaqaviy ahamiyatga ega», – dedi prezident.

Prezident Rahmon ushbu stansiyaning oltita gidroelektr bloklaridan ikkitasi hozirgacha foydalanishga topshirilganini aytgan.

«Tojikiston hukumati ushbu loyihani amalga oshirish uchun do‘st va qardosh mamlakatlardan sarmoyalarni jalb qilishdan manfaatdor», – deya ta'kidlagan Tojikiston yetakchisi.

Mamlakat prezidenti, uch oy oldin Rog‘un GES quruvchilari bilan uchrashuvda, tegishli ishchi guruh 2021 yilda Rog‘un GES qurilishini moliyalashtirish manbalarini topish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishini ma'lum qilgandi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yili Rog‘un qurilishi bir qismini yakunlash uchun davlat budjetidan 3 milliard somoniy ajratilgan. 2021 yilgi Davlat budjetidan ushbu gidroelektrostansiya qurilishini moliyalashtirish uchun 2,1 milliard somoniy ajratilishi rejalashtirilgan.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan jadvalga binoan, 2020-2022 yillarda Rog‘un GESda yana qurilish uchun zarur bo‘lgan umumiy mablag‘ taxminan 1,1 milliard dollarni tashkil etadi.

Ma'lumot uchun, 2008 yildan buyon Rog‘unning qurilishiga budjet mablag‘lari hisobidan 25,3 milliard somoniydan ko‘proq mablag‘ sarflanganligi aytilgandi. Bundan tashqari, 2010 yilda Rog‘un GES aksiyalari chiqarilib korxonalar va aholiga sotilishi natijasida 800 million somoniy qurilishga jalb qilingandi. 2018 yil noyabr va 2019 yil sentyabr oylarida Rog‘un GESning ikkita gidroelektr blogi ishga tushirildi, ular 2020 yil sentyabrgacha 1,7 milliard kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasini ishlab chiqargan. Rog‘un GES turbinalar zalida har birining quvvati 600 MVt bo‘lgan oltita agregatni o‘rnatish rejalashtirilgan. Inshoot 2033 yilgacha to‘liq qurib bitkazilishi kutilmoqda.

Top