11:42 / 11.01.2021
3380

Toshkent viloyatida farmatsevtika klasteri yaratilmoqda

Zangiota tumanining 50 gektar maydonida farmatsevtika klasteri yaratilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov klasterni tashkil etish ishlari bilan bevosita tanishgani borgan.

Foto: Depositphotos

Joriy yilning 10 yanvar kuni bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov boshchiligida ishchi guruh Toshkent viloyatining Zangiota tumanida «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish bo‘yicha loyihani o‘rgandi, deb xabar bermoqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Umumiy maydoni 50 gektar bo‘lgan klaster hududida sanoat, akademik tadqiqot, klinik va klinikoldi obektlari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha respublikada ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari turlarini kengaytirish, ilmiy-tadqiqot o‘tkazish, malakali farmatsevtika kadrlarini tayyorlash orqali farmatsevtika sanoatini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, klaster loyihasini moliyalashtirish Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlantirish va Hamkorlik (EDCF) jamg‘armasi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi imtiyozli mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga ta'minlanmoqda.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasining «Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi haqida ma'lumot berilgandi.

Hukumat qarori loyihasida klasterni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 50 million dollargacha miqdordagi mablag‘lar 3 yil imtiyozli muddatni o‘z ichiga olgan holda 10 yil muddatga, yillik 3 foiz stavkada kredit berilishi nazarda tutilgandi.

Ushbu farmatsevtik klasterni tashkil etish bo‘yicha 2020 yil 28 yanvarda prezident qarori ham qabul qilingan.

Top