18:31 / 11.01.2021
5447
Toshkentda taksi haydovchisiga nisbatan talonchilik sodir etgan shaxs ushlandi

2021 yilning 7 yanvar kuni soat 11:00da noma'lum shaxs taksi haydovchisi bo‘lgan 37 yoshli A.A.ga tegishli avtouloviga yo‘lovchi sifatida chiqib, undan Toshkent shahri Shayxontohur tumani Ibn Sino 1-mavzega olib borib qo‘yishni so‘ragan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, keyinchalik bu shaxs manzilga yetib kelib, xolasining uyiga kirishi va televizorlarni ko‘tarib olib chiqishda yordam berishini iltimos qilgan.

Ma'lumotda aytilishicha, taksi haydovchisi A.A. ushbu iltimosga rozi bo‘lgan va ular xonadonlar yo‘lagiga kirishgan vaqtida noma'lum shaxs A.A.ga nisbatan hayoti uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatgan. U A.A.ning ustidagi sport kiyimi chap cho‘ntagida bo‘lgan 300 AQSh dollarini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 24 yoshli S.T. sodir etganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan S.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a” bandi (hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, talonchilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, u protsessual tartibda ushlangan.  

Jinoyat ishi doirasida S.T. so‘roq qilinganda, u A.A.ning  avtoulovga o‘tirganidan so‘ng uning egnidagi sport kiyimi chap cho‘ntagida AQSh dollari kupyurasidagi pullari borligini ko‘rib qolganligi sababli ushbu pullarni qo‘lga kiritish maqsadida jinoiy niyatini amalga oshirganini ma'lum qilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top