08:50 / 12.01.2021
12300
Buxoroda 200 ming dollarlik tilla taqinchoqlar o‘g‘irlab ketildi

2020 yil 26 dekabr kuni Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga A.Sheroziy mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan Z.S. murojaat qilgan, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati.

Fuqaro 2020 yilning 25 dekabr kuni soat 16:30dan 21:30ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs uning yashash xonadoniga tom orqali kirib, uyi yotoqxonasida bo‘lgan seyfdan 99 dona turli xildagi tilla taqinchoqlar, 6 dona brilliant taqinchoq, 3 dona tilla soat, 70 000 rubl va 600 yevro, fuqarolik pasporti, uyi kadastr hujjatlarini o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga jami 200 000 AQSh dollarlik moddiy zarar yetkazganini bayon qilgan.

Mazkur holat yuzasidan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-modda 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Olib borilgan surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida jinoyatni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri Ustaboyev ko‘chasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan Sh.B. va uning jinoiy sheriklari, Buxoro shahri B.Naqshband ko‘chasida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan A.K., Buxoro shahri Shoxrud ko‘chasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan K.B. bir guruh bo‘lib sodir qilganliklari aniqlanib, gumonlanuvchilardan 70 dona turli tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda ushbu uch nafar gumonlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan, ularning shu turdagi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi o‘rganilmoqda.

Top