10:22 / 12.01.2021
5632

Buxoroda hali tug‘ilmagan bolasini 50 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

2020 yilning dekabr oyida 22 yoshli M.R. Buxoro shahrida joylashgan kafelardan birida ofitsiant bo‘lib ishlab yurgan vaqtida ushbu kafega mijoz sifatida kelgan fuqaro F.E. bilan tanishib qolgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

M.R. suhbat davomida F.E.ga homilador ekanini, to‘rt oylik homilasi borligi va moddiy jihatdan qiynalayotgani, kelgusida tug‘ilajak farzandini moddiy tomondan ta'minlay olmasligini, farzandini dunyoga keltirgandan so‘ng sotish niyati borligini ma'lum qilgan hamda F.E.ga to‘rt oylik homilasini sog‘lom holda tug‘ib, 50 000 000 so‘m evaziga sotishni taklif qilib, oldindan avans tariqasida 25 000 000 so‘m so‘ragan.

Joriy yilning 6 yanvar kuni soat 19:00da Buxoro shahar A.Jome ko‘chasida joylashgan “Al-Pari” restorani oldida M.R. fuqaro F.E.dan 20 000 000 so‘m va 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 135-moddasi 1-qismi (odam savdosiga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida M.R. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Top