09:01 / 12.01.2021
21913
Korrupsiya. Uni yo‘q qilish yo‘llari va O‘zbekistondagi holatning o‘ziga xos jihatlari

Korrupsiyani yengishning turli yechimlari taklif qilinadi. Ba'zilar avvalo tizimni raqamlashtirish zarurligini aytsa, boshqalar ishchilar maoshini ko‘tarish, qonuniy jazoni kuchaytirish va korrupsiya holatlarini aniqlash bo‘yicha alohida tekshiruvlarni amalga oshirish kerakligini ta'kidlaydi. Ammo odamlar dunyoqarashini o‘zgartirmay turib, davlat xizmati ustidan xalq nazoratini o‘rnatmay turib bir narsaga erishish qiyin.

Foto: RBK

Korrupsiya nima?

Faraz qiling, siz tansoqchi yolladingiz va sizni himoya qilishi uchun qurol berdingiz. Endi unda sizga nisbatan ustunlik mavjud: uning quroli bor, sizda esa yo‘q. Bu qurolni u ertaga o‘zingizga qarshi ishlatmasligiga kim kafolat beradi?

Konstitutsiyada davlatga vakolat berib qo‘ydingizmi, davlatga soliq to‘layapsizmi, demak, siz birovga qurol berib qo‘ygansiz, lekin bu qurolni o‘z manfaatlarini ko‘zlab sizga qarshi ishlatishi uchun emas, sizning manfaatlaringizni ko‘zlab ish tutishi uchun bergansiz.

Siz ishonib vakolat bergan odamlar bu vakolatni o‘z manfaati yo‘lida sizga qarshi ishlatishi korrupsiya deyiladi. Keng tarqalgan ta'rifga ko‘ra ham korrupsiya deganda boylik orttirish yoki shaxsiy manfaat yo‘lida shaxsga ishonib topshirilgan lavozimning qasddan va noqonuniy suiiste'mol qilinishi tushuniladi.

O‘z vakolatini suiiste'mol qilishning juda ko‘p ko‘rinishlari mavjudligi hisobiga korrupsiyaning turli shakllari paydo bo‘ladi. Unga faqat pora olish yoki berish emas, balki xizmat vaqtida tovlamachilik, firibgarlik, mulkni o‘zlashtirish, fitna qilish, xushomadgo‘ylik, sovg‘a olish va berish, qarindoshchilik, lobbizm faoliyatlari ham kiradi.

Yuqorida keltirilgan korrupsiya turlari ichiga «tanish-bilishchilik», «aka-ukachilik»ni kiritish muhim. Chunki jamiyatimizda «aka-ukachilik» va xizmat vazifasi o‘rtasida tanlov paydo bo‘lgan hollarda ko‘pchilik «aka-ukachilik» tomon og‘ishib ketishi hech kimga sir emas.

Kundalik turmushda ko‘p uchraydigan quyidagi holatlarning barini korrupsiya sifatida baholash mumkin:

  • davlat ishchisi tanishining ishini tezlashtirib berishi va evaziga pul olmasligi (chunki navbatda turgan boshqa fuqarolarning huquqlari buziladi yoki ular kundalik qilishi kerak bo‘lgan ishni tashlab boshqa ish bilan shug‘ullanadi);
  • davlat ishchisi qoidani buzib YPX hodimiga o‘z ish joyi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani ko‘rsatib yo‘lida davom etishi (chunki qonun hamma uchun bir bo‘lishi kerak va hech bir mansabdor qonundan baland turmasligi lozim);
  • davlat xizmat mashinasini o‘z oila a'zolarining ehtiyoji uchun ishlatishi (chunki u mashina soliq tushumlari hisobiga olingan va mansabdorning shaxsiy emas, xizmat ishlarida foydalanishi uchun berilgan).

Afsuski, bunday holatlar kundalik hayotimizda ko‘p uchraydi. Xalqaro reytinglarimiz ham korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida ancha ish qilishimiz kerakligini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning xalqaro korrupsiya reytinglaridagi holati

Korrupsiya rivojlanish «mashina»si g‘ildiraklarini moylaydimi yoki loylaydimi?

XX asrning ikkinchi yarmida kam rivojlangan davlatlarda korrupsiya jamiyatning rivojlanishi uchun yaxshi, degan fikr keng tarqalgan (Leff, 1964; Hantington, 1968; Lui, 1985). Chunki bu davlatlarda qonunlar to‘g‘ri ishlab chiqilmagan, mansabdor shaxslar lavozimiga tushunarsiz usullarda tayinlangan. Bunday holatda odamlarning biznesni rivojlantirish va sun'iy to‘siqlarni bartaraf etish uchun pora berishdan boshqa iloji qolmaydi.

Lekin XXI asrga kelib ko‘pchilik olimlar korrupsiyaning foydalaridan ko‘ra zararlari ko‘pligini tan olishdi. Uning ustiga korrupsiya holatini yaxshi deyish aslida davlat sektorini yaxshilash, rivojlantirish vazifasi keyinga surilishiga olib keldi.

Jumladan, iqtisodiy sohada korrupsiyaning mavjudligi quyidagi jarayonlarga doimiy ravishda salbiy ta'sir o‘tkazadi:

  • davlat mablag‘lari va resurslarining samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga,
  • biznesni yuritishda vaqt va moddiy xarajatlarning oshishiga,
  • narxlarning o‘sishiga,
  • raqobat muhiti yomonlashishi va hamma uchun o‘yin qoidalarining bir xil bo‘lmasligiga,
  • xufiyona iqtisodiyot o‘sishi va soliq tushumlarining kamayishiga,
  • investitsion muhit yomonlashishiga, investitsiyalar kamayishi va umuman mamlakat iqtisodiyoti samaradorligining pasayishiga olib keladi.

Korrupsiya ikki turga bo‘linadi: yirik va mayda

Yirik korrupsiya deganda, amaldagi davlat siyosatini yo‘qqa chiqaradigan, hukumat darajasida amalga oshiriladigan siyosiy va hukumat rahbarlariga xalq hisobidan manfaat ko‘rishga imkon beradigan harakatlar tushuniladi.

Mayda korrupsiya deganda, odatda hokimiyatning quyi va o‘rta bo‘g‘inlari mansabdorlarining kundalik vakolatlarini (shifoxonalar, maktablar, militsiya bo‘limlari va boshqa joylarda asosiy xizmatlardan foydalanishga uringan oddiy fuqarolar bilan aloqa qilishda) suiiste'mol qilishlari tushuniladi.

Yirik korrupsiyadan butun xalq zarar ko‘radi, mayda korrupsiyadan o‘sha mintaqa yoki sohadagilar aziyat chekadi.

Korrupsiyani yengsa bo‘ladimi? Bo‘ladi, lekin ancha ishlash kerak

Odamlar ratsional qaror qabul qiladi, ya'ni har doim foyda va zararni o‘lchab harakat qiladi, deb faraz qilaylik. Korrupsiyaning pora oluvchi uchun foydasi nima? Bu – xizmat vazifasidan olayotgan maoshi va pora miqdori. Korrupsiyaning pora oluvchi uchun zarari nima? Bu – qonuniy jazo va korrupsiya holatini birov bilib qolish ehtimoli borligi.

Demak, korrupsiyani kamaytirish uchun undan foydani kamaytirib zararni ko‘paytirish kerak. Buning uchun quyidagi ishlarni bajarish kifoya:

  • qonuniy jazoni kuchaytirish va uning muqarrarligini ta'minlash;
  • korrupsiya holatlari va keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash bo‘yicha alohida tekshiruvlarni kuchaytirish;
  • ishchi maoshini oshirish.

Lekin O‘zbekistondagi holatning o‘ziga xos jihatlari bor.

Birinchidan, qonuniy jazo va tekshiruvlarni kuchaytirishdan oldin, qonun ustuvorligini ta'minlash kerak bo‘ladi. Oddiy savol: nega bizda yo‘l-patrul xizmati xodimi (GAI) bor? Vazifasi nima? Yo‘l qoidalariga amal qilinishini ta'minlash, to‘g‘rimi? Masalan, Yaponiyada YPX yo‘q. Odamlar tabiiy ravishda yo‘l qoidalariga amal qilib yashaydi. Bizda esa har bir svetofor oldida YPX xodimi, bunisi yetmagandek, har bir YPX xodimining ustiga yana bitta qo‘riqchi – bodikamera. Bu nimadan dalolat qiladi? Bu jamiyatda qonunga amal qilish degan tushunchaning, amaliyotning yo‘q bo‘lib ketganini bildirmaydimi?

Dunyo tajribasida o‘zaro ishonch, davlatning xalqqa, xalqning davlatga ishonchi – «sotsial kapital» – hozirgi kunda rivojlanishning asosi sifatida ko‘rilayotgan bir paytda, qonun ustuvorligini ta'minlash juda muhim. O‘zbekiston aslan boy davlat emas, boz ustiga fuqarolarning qonun-qoidaga amal qilishini ta'minlash uchun ancha pul sarflanadi. Yevropaning ko‘p davlatlarida metro bekatiga kiraverishda nazoratchi yo‘q, odamlar o‘zi chiptani sotib olib, bekatga tushib ketadi, ayrim do‘konlarda kassir yo‘q, odamlar o‘zi bilib pulini to‘lab ketadi. O‘sha nazoratchi va kassirga ketadigan pulni jamiyat uchun foydaliroq boshqa maqsadlarga sarflash ham mumkin. Masalan, ba'zi davlatlarda oliy ta'lim bepul qilingan.

Demak, biz ishni birinchi navbatda o‘zimizni va bolalarimizni to‘g‘ri tarbiyalash, qonunlarga amal qilib yashashni o‘rgatishdan boshlashimiz kerak. Maktabda yoshlarga qonunga amal qilib yashash o‘zlari uchun yaxshiligini tushuntirishimiz kerak. Shunda ancha pul va vaqtni tejaymiz. Korrupsiya balosidan bir qadar qutulamiz.

Ikkinchidan, davlat xizmatchilari maoshini oshirish masalasiga keladigan bo‘lsak, buning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Negaki, bir paytning o‘zida ularning obro‘ va mas'uliyatini ham oshirish shart va zarur.

Albatta, aksincha davlatning aralashuvini cheklab tashlash kerak deydiganlar ham topiladi. Chunki bozor talab va taklif mexanizmining o‘zi kishilar hayotini farovonlik cho‘qqisiga chiqarishga xizmat qiladi degan tushuncha bor va bu qaysidir ma'noda to‘g‘ri. Lekin, buning uchun ba'zi shartlar bajarilishi kerak. Masalan, mahsulot ishlab chiqarayotgan xususiy sektor atrof-muhitga salbiy ta'sirni inobatga olmaydi va bu mahsulot tannarxiga kiritilmaydi. Davlat esa buni sezgan holda ekologiyani ifloslayotgan firmalarga soliq soladi va yig‘imni bevosita atrof-muhitni yaxshilashga sarflaydi. Bunga o‘xshagan davlat aralashuvi muhim bo‘lgan sohalar bir nechta. Shu jihatdan davlatning ham jamiyat hayotida o‘ziga xos o‘rni bor.

Shu bilan birga, davlat soliqlarni yig‘ib olib, pullarni to‘g‘ri sarflayaptimi, degan savol paydo bo‘ladi. O‘z daromadining bir qismini davlatga topshirayotgan fuqaro pullari mansabdor va uning hamfikr tanish-bilishlarining cho‘ntagini to‘ldirishga xizmat qilayotganini sezib qolsa, tabiiyki, soliq to‘lashdan tiyiladi, daromadini yashiradi, natijada bozor mexanizmi hal qila olmaydigan muammolar ko‘paygandan ko‘payaveradi.

Bu sharoitda birdan bir yechim davlat xizmatchilarini ham obro‘yini oshirish, chunki sifatli kadrlarni boshqa holatda jalb qilish qiyin,  ham mas'uliyati va javobgarligini ko‘tarib qo‘yish. Masalan, bugungi kunda juda tez rivojlanib borayotgan Xitoyda davlat xizmatchisi eng hurmat qilinadigan odamlar toifasiga kiradi.

Shu bilan birga, davlat ishiga imtihon bilan qabul qilishning ochiq tizimini shakllantirish kerak. Masalan, Janubiy Koreyada davlat tashkilotiga ishchilar imtihon qilib olinadi va yuqoriroq lavozimga o‘tish uchun ham imtihondan o‘tish kerak bo‘ladi.

Demak, davlat faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish muhim. Shunday ekan, davlat xizmatini tashkil etishda o‘z shaffof qonun-qoidalarini yaratishimiz va buning bajarilishi ustidan nazorat qilib borishimiz kerak.

Uchinchidan, korrupsiyani to‘liq emas, qisman cheklab turish maqsadida davlat xizmatlar ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish kerak. Masalan, Singapurda aholining davlat ishchisi bilan yuzma-yuz ko‘rishishi tanqid ostiga olinadi. Murojaatchining so‘rovi onlayn tarzda amalga oshirilishi kerak. To‘g‘ri, Singapur bunga 40-50 yil davomida yetib kelgan. Singapurning hozirgi institutsional sharoitida bunday mexanizmni qo‘llash bu mamlakat uchun samarali. Bizning holat esa Singapurnikidan ancha farq qiladi. Birinchisi, texnologik ahvolimiz, ayniqsa viloyatlarda, internet, kompyuter bilan ta'minlanganlik, odamlarning internetni tushunishi Singapurnikidan ancha pastligi sir emas. Uning ustiga, onlayn marojaat qilinishini nazorat qiladigan yana «qo‘riqchi» kerak bo‘lmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi.

Yangi tizimni o‘rgatish, ommalashtirish ancha qiyin, chunki odamlar istalmagan narsani qilmaydi. Shunga qaramay, ancha vaqt tejalishini hisobga olib Davlat xizmatlari agentligi tajribasidan keng foydalanib, ushbu taklifni jiddiy o‘rganish kerak, baribir urinib ko‘rgan ma'qul.  

Ushbu maqola @eresearch_iqtisodiyot Telegram-kanali muallifi tomonidan Kun.uz uchun eksklyuziv taqdim etilgan. 

Top