22:29 / 12.01.2021
12402

Taniqli bolalar xirurgi Yuriy Kozlov Toshkentda 20ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi

Rossiyalik bolalar jarrohi Yuriy Kozlov Toshkentda bir nechta murakkab bolalar jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazdi. U ayni paytda Rossiyadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reys yo‘qligi bois avvaliga o‘zi istiqomat qiladigan Irkutskdan Moskvaga, so‘ng Istanbulga, shundan keyin Toshkentga uchgan.

«Vesti-Irkutsk» dasturida xabar qilinishicha, shifokor Toshkentga farzand ko‘rishga hozirlanayotgan oilaning chaqiruvi bilan kelgan. Ona homilasida oshqozon-ichak trakti anomaliyasi rivojlangan bo‘lib, bola tug‘ilishi bilanoq bir necha soat ichida operatsiya qilinishi zarur edi.

Yakunda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan. E'tiborlisi, xirurg bu oila farzandidan tashqari, Respublika perinatal markazida 5 kun ichida yana 19 nafar boshqa bolalarni ham operatsiya qilgan.

«Kozlov bajaradigan operatsiyalarni qila oladigan shifokorlar dunyo miqyosida anchagina kam. Ular orasida bepul operatsiya o‘tkazadiganlari ayniqsa sanoqli. COVID-19 vaqtidagi harakatlanish cheklovlari tufayli irkutsklik vrach o‘zi jajji bemorlarining oldiga bormoqda», deyiladi xabarda.

Ayni paytda shifokor Toshkentda operatsiya qilgan bolalarning barchasiga uyiga javob berilgan.

Ma'lumot uchun, Yuriy Kozlov – tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali bolalar jarrohi, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan shifokor, «Rossiyaning eng yaxshi shifokori» tanlovi g‘olibi. U Ivano-Matreninsk bolalar klinik shifoxonasining Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar xirurgiyasi va reanimatsiyasi markazi asoschisi va rahbari sanaladi.

Top