16:30 / 13.01.2021
2156
Fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil, shuningdek, fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat kilish huquqi berilmoqda.

Foto: ksu.uz

13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.

Quyi palata majlisida qayd etilishicha, bugungi kunda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solib kelinmoqda. Ammo Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o‘zi tomonidan tasdiqlangan reglament bilan belgilab berilgan.

Aksariyat mamlakatlarning Konstitutsiyaviy sudlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bunday qoidalarni Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Chunki ish yuritishning protsessual qoidalari bevosita inson huquqlarini amalga oshirish bilan bog‘liq va shuning uchun ham ular qonun bilan belgilanishi lozim.

Shuningdek, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyoti tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim bo‘lgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solinishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub'yektlar doirasi kengaytirilmoqda.

Qonun loyihasida Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va o‘rganish, Konstitutsiyaviy sud muhokamasi, muddatlari, Konstitutsiyaviy sud qarorlarining ijrosi masalalari aniq qilib belgilanmoqda.

Deputatlarning ta'kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yaxshilash, mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Avvalroq «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilayotgani, unga ko‘ra Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlar safi ortishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Top