19:00 / 13.01.2021
7159
“O‘ztransgaz” veb-portali nima uchun ishlamayapti? Sababi ochiqlandi

Gaz ta'minoti bo‘yicha mustaqil xo‘jalik yurituvchi sub'yekt “Hududgazta'minot” AJ tashkil etilgani munosabati bilan iste'molchilar uztg.uz veb-portali orqali shaxsiy sahifalariga kira olmayapti. “O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati bu masala bo‘yicha tushuntirish berdi.

“O‘ztransgaz” AJga aholi tomonidan o‘z shaxsiy kabinetiga kira olmayotgani, uztg.uz veb-portali ishlamayotgani to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ayni masala yuzasidan shuni ma'lum qilamizki, Davlatimiz rahbarining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4388-son Qarori bilan “O‘ztransgaz” AJ ning gaz ta'minoti bo‘yicha hududiy filiallari negizida alohida “Hududgazta'minot” AJ shaklida tashkil etilgan.

Qarorga ko‘ra, “O‘ztransgaz” AJ - tabiiy gazni yetkazib berish, jumladan eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi tashkilotlardan xarid qilib, magistral gaz quvuriga ulangan iste'molchilarga tabiiy gazni sotish bo‘yicha operator;

“Hududgazta'minot” AJ esa gaz tarqatish tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va aholiga hamda ijtimoiy soha obektlariga tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berish funksiyalarini bajaradi.

Davlatimiz rahbarining “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 6010-sonli Farmoniga asosan, 2020 yilning 1 iyulidan:

  • “O‘ztransgaz” AJ - to‘g‘ridan-to‘g‘ri magistral gaz uzatish tizimiga ulangan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Issiqlik elektr tarmoqlari”, “O‘zkimyosanoat” AJning korxonalari kabi iste'molchilarga tabiiy gaz yetkazib beradi;
  • “Hududgazta'minot” AJ esa taqsimlash gaz quvurlariga ulangan ulgurji iste'molchilarga (AGTKShlar, issiqxona xo‘jaliklari, sement, g‘isht, ohak, gips, chinni mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari, nonvoyxonalar v.h.) hamda aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazadi.

Endilikda, aynan “Hududgazta'minot” AJ aholi hamda ulgurji iste'molchilar bilan bevosita ishlayotgani munosabati bilan uztg.uz veb-portali faoliyati to‘xtatilgan. Hozirda “Hududgazta'minot” AJ ayni yo‘nalishdagi portalni ishga tushirish arafasida. Tez kunda veb-portal yangi manzil va ko‘rinishda ish boshlaydi.

“O‘ztransgaz” AJ:

Telefon: 71 2021008

Veb-sahifa: www.utg.uz

“Hududgazta'minot”:

Telefon: 71 2000804, 71 2021104, 1104

Veb-sahifa: www.hududgaz.uz

“O‘ztransgaz” AJ Axborot xizmati

Top