08:57 / 13.01.2021
7069
Sud tizimida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Joriy yilning 11 yanvar Sudyalar oliy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  Unda 5 yillik vakolat muddati tugagan bir necha nafar sudyalarni yangi muddatga tayinlash, shuningdek ayrimlarini (vakolat muddatiga) qayta tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 6 nafar nomzod navbatdagi 10 yillik muddatga, yana uch nafar sudya vakolat muddatiga qayta tayinlandi, 2 nafari zaxiraga qoldirildi. Zaxirada qolganlarga bir oydan keyin yana bir bor o‘z omadini sinab ko‘rish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, kengash sudyalik faoliyatida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 nafar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ham muhokama qildi. Ularning 3 nafarini intizomiy javobgarlikka tortishga rozilik berildi, bir nafariga nisbatan rad etildi.

Sudyalar oliy kengashining tegishli qarorlariga muvofiq:

  • Jamshid Botirov - sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimiga;
  • Dilshod Komilov - sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga, besh yil muddatga Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining raisi lavozimiga;
  • Dilmurod Madaminov - sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga, besh yil muddatga Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining raisi lavozimiga;
  • To‘lqin Abduraimov - sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga, besh yil muddatga Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining raisi lavozimiga;
  • Habibullo Sarmanov - sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga, besh yil muddatga Sirdaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining raisi lavozimiga;
  • Sherzod Toshpo‘latov - sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik muddatiga Samarqand viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek:

  • Luqmonboy Asadov - sudyalik vakolati muddati davrining besh yil muddatiga Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudining raisi lavozimiga;
  • Ruslan Zoirov - sudyalik vakolati muddati davriga Qashqadaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlandi.

Bundan tashqari, Laziz Abdullayev sudyalik vakolati muddati davriga Qashqadaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga qayta tayinlandi va shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining sudyasi lavozimidan ozod qilindi.

Top