14:56 / 13.01.2021
4690
Taxtako‘pirlik ota qizlariga uy sovg‘a qildi va aliment masalasiga nuqta qo‘ydi

Ota o‘z qizlarining voyaga yetguniga qadar to‘lanadigan aliment puli evaziga sobiq ayoliga o‘z nomidagi uyini notarial tartibda sovg‘a tariqasida rasmiylashtirib berdi va hali voyaga yetmagan farzandlar o‘z uy-joyiga ega bo‘lishdi.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Kun.uz’ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Taxtako‘pir tumani MIB bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan, qarzdor B.M.dan undiruvchi fuqaro P.Utemuratovaning foydasiga, uning tarbiyasidagi 3 nafar farzandi moddiy ta'minoti uchun har oydagi ish haqining ½ qismi miqdorida aliment nafaqasini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida, mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan vaqtdan boshlab, aliment nafaqasi qarzdor ota tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanib kelingan. Shunga qaramasdan, davlat ijrochilari tomonidan qarzdor otaga Vazirlar Mahkamasining 808-sonli qaroriga asosan voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash imkoniyati borligi tushuntirildi.

Olib borilgan tushuntirish ishlari o‘z samarasini berib, ikki tarafning o‘zaro kelishuviga asosan, qarzdor B.M. sobiq rafiqasi P.Utemuratovaga o‘z qizlarining voyaga yetguniga qadar to‘lanadigan aliment puli evaziga o‘z nomidagi uyini notarial tartibda sovg‘a tariqasida rasmiylashtirib berdi va hali voyaga yetmagan farzandlar o‘z uy-joyiga ega bo‘lishdi.

Shundan keyin, “Sud hujjatlari va boshqa organlar ijro hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunining 41-moddasiga asos mazkur ijro hujjati amalda tamomlandi.

Top