14:50 / 13.01.2021
11398

Toshkentda 5ta avtomobil to‘qnashdi

Foto: Toshkent shahar IIBB YHXB

Joriy yilning 13 yanvar kuni soat 11:00larda Toshkent shahri Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, haydovchi, 1999 yilda tug‘ilgan I.F. "Matiz" rusumli avtomobilda harakatlanayotib oraliq masofani saqlamaganligi oqibatida, ushbu ko‘chada joylashgan "Bog‘ishamol" istirohat bog‘i ro‘parasida, svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan haydovchi, 1992 yilda tug‘ilgan X.R. boshqaruvidagi "Damas" rusumli avtomobilga urilgan. 

Zarb oqibatida "Damas" o‘zidan oldinda to‘xtab turgan haydovchi, 1988 yilda tug‘ilgan A.A. boshqaruvidagi "Matiz"ga, "Matiz" esa o‘zidan oldinda to‘xtab turgan haydovchi, 1992 yilda tug‘ilgan Sh.Ya. boshqaruvidagi yana bir "Matiz"ga, ushbu "Matiz" zarb oqibatida o‘zidan oldinda to‘xtab turgan haydovchi, 1978 yilda tug‘ilgan Sh.I. boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli transport vositasining orqa tomoniga urilgan.

YTH natijasida masofa saqlamagan "Matiz" rusumli avtomobil haydovchisi, 22 yoshli I.F. va "Damas" rusumli avtomobil haydovchisi, 29 yoshli X.R.ga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent markazida boshqaruvni yo‘qotgan «Malibu» to‘xtab turgan 2ta «Lasetti»ga urilib, ag‘darilib ketdi, Bektemir tumanida esa Toyota Land Cruiser beton to‘siqqa urildi.

Top