08:41 / 13.01.2021
14647
Tramp impichment qilinishi mumkinligiga izoh berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp demokratlarning unga impichment e'lon qilish rejasiga izoh berib, buni “alvastilarga katta ov” deb atadi.

Foto: Reuters

“Biz zo‘ravonlikni xohlamaymiz. Impichmentga kelsak, u siyosiy tarixdagi alvastilarga eng katta ovning davomidir. Bu mutlaq bema'nilik. O‘ylashimcha, impichment aql bovar qilmas darajada g‘azab uyg‘otadi”, deb aytgan Tramp. 

U, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga qarshi qaratilgan harakatlarga ham munosabat bildirgan. Uning aytishicha, ijtimoiy tarmoq odamlarni ajratadi va ular o‘rtasiga “nifoq soladi”.

“Men IT-kompaniyalar tomonidan hozirdagidek salbiy munosabatni hech qachon ko‘rmaganman.  Katta texnologiyalar AQShda rasvo ish qilmoqda”, deb aytgan AQSh prezidenti.

Tramp, shuningdek, uning Kapitoliy oldida so‘zlagan nutqi “mutlaq o‘rinli” bo‘lganini aytgan. O‘shanda u Baydenning g‘alabasini hech qachon tan olmasligini, o‘zini esa g‘olib deb hisoblashini aytgan. 

Trampning ushbu nutqidan keyin Vashingtonda uning tarafdorlari ishtirokida tartibsizliklar yuz bergandi. 

Avvalroq demokratlar 6 yanvarda yuz bergan ushbu tartibsizliklar uchun Trampni lavozimidan chetlatishni taklif qilishgandi. Shuningdek, o‘sha voqealardan keyin Tramp isyon ko‘tarishga chaqirishda ayblanib, uning bir qator ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari to‘sib qo‘yilgandi.  

AQSh prezidenti hokimiyatning saylangan prezident Jo Baydenga topshirilishini hech qachon osoyishtalik bilan qabul qilmasligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, amerikaliklarning so‘z erkinligiga huquqi hozirda har qachongidan ko‘ra ko‘proq tajovuzga uchramoqda.  

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, vakillar palatasi Trampning impichmenti bo‘yicha 13 yanvarda ovoz bermoqchi. Biroq ularning Trampni hokimiyatdan chetlatishga ushbu ikkinchi urinishi ham senatda qo‘llab-quvvatlanishi dargumon hisoblanadi, chunki u yerda ko‘pchilikni Trampning partiyadoshlari – respublikachilar tashkil qiladi.

Top