14:23 / 13.01.2021
2969
YouTube Trampning kanalini bloklab qo‘ydi

Shu vaqtga qadar YouTube Trampga nisbatan cheklov kiritmagan yagona yirik internet-platforma bo‘lib turgandi.

Foto: AP Photo/Alex Brandon

YouTube videoxostingi mutaxassislari AQSh prezidenti Donald Trampning kanalidan "zo‘ravonlikka da'vat qilgan videoyozuv"ni o‘chirib tashladi. Xabar qilinishicha, endilikda kanalga yangi roliklar joylashtirish vaqtinchalik taqiqlandi.

Aynan qaysi videoyozuv o‘chirib tashlanganligiga aniqlik kiritilmagan. Yangi roliklar joylashtirishga qo‘yilgan taqiq yetti kun amal qiladi. Servis vakilining so‘zlariga ko‘ra, taqiq uzaytirilishi mumkin.

Bundan tashqari, kanalda izoh qoldirish imkoniyati ham cheklandi. Kompaniyaning bildirishicha, izohlarda zo‘ravonlikka da'vat qilish ehtimoli bo‘lishi mumkin.

Shu vaqtga qadar YouTube Trampga nisbatan cheklov kiritmagan yagona yirik internet-platforma bo‘lib turgandi.

Kapitoliyga hujum uyushtirilganidan so‘ng  Facebook va Twitter AQSh prezidentining akkauntlarini vaqtinchalik bloklab qo‘ygandi. Keyinroq Trampning Facebook va Instagram’dagi akkauntlariga qo‘yilgan taqiq noma'lum muddatga uzaytirildi. Trampning Twitter akkaunti esa butunlay bloklandi.

Top