15:06 / 14.01.2021
16245
«Aksiya tugagan». O‘zboshimcha va noqonuniy qurilmalar egasi endilikda javobgarlikka tortilishi mumkin

O‘zboshimcha va noqonuniy qurilmalarga davlat tomonidan bir martalik avf e'lon qilingandi. Endilikda bunday aksiya o‘tkazilmaydi. O‘zboshimcha qurilma egasi esa javobgarlikka tortilishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 apreldagi «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan bir martalik afv muddati tugagani bois, endidan o‘zboshimcha va noqonuniy qurilmalar egasi javobgarlikka tortiladi.

Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Murod Fayzullayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, aksiya doirasida Toshkent shahridan 36 ming 568ta murojaat kelib tushgan, shundan 71 foizi ijobiy hal etilgan, 17 foizi rad etilgan, 12 foizi sub'yektiv va obektiv sabablarga ko‘ra komissiya ishchi guruhi o‘rganishida turibdi.

«Aksiya tugaganiga qaramay, 12 foiz arizalar hokimliklarda turganining sababi shundaki, Shayxontohur tumanida «Eski shahar» hududi, Yunusobod tumanida «Hasanboy» hududida kanallar bor, bu kabi hududlarda turgan obektlarga javob berish va ijobiy hal qilish imkoniyati yo‘q. Endidan noqonuniy qurilma aniqlanganda, chora ko‘riladi. Buyog‘iga aksiya bo‘lmaydi, davlatning yerini asrashimiz kerak. Ammo chora ko‘rishdan oldin, birinchi galda tushuntirish ishlari olib boriladi», – dedi Murod Fayzullayev.

Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, noqonuniy holatlar aniqlanib kadastr xizmatiga murojaat kelib tushsa, joyiga chiqib vaziyat o‘rganiladi. Agar obekt o‘zboshimchalik bilan egallangan bo‘lsa, holat yuzasidan tegishli organlarga xabar beriladi va ta'sir choralari ko‘riladi.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda 676ta holat bo‘yicha ishlar sudga oshirilgan va taqdimnomalar kiritilgan. Masalan, Sergeli tumani «Savatcha» maahallasida 19ta qurilma tuman hokimligi bilan hamkorlikda joylarda bartaraf etilgan.

Avvalroq, biror shaxsning o‘ziga qarashli bo‘lgan, lekin noqonuniy qurilgan uyiga qonuniy egalik qilish huquqini taqdim etgan bir martalik umumdavlat aksiyasidan so‘ng, uni qayta o‘tkazishga ehtiyoj sezilmayotgani ma'lum qilingan edi.

Ta'kidlanishicha, yana 100 ming nafar aholi aksiya doirasida murojaatini bildirmagani ma'lum bo‘lgan.

«Ularning murojaat qilmagani o‘rganilgan. Buning sababi, qurilma egalarining mulk huquqini e'tirof etilishiga ehtiyoji bo‘lmagan hamda dolzarb emas», — degan Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Sherzodxo‘ja Habibullayev.

Adliya vazirligining ma'lumot berishicha, ushbu aksiya davomida respublika bo‘yicha 200 mingga yaqin murojaat bo‘yicha noqonuniy qurilmaga nisbatan mulk huquqi e'tirof etilgan. Bu esa umumiy murojaatlarning 33 foizini tashkil etadi. 

Aksiya doirasida qabul qilingan 25 mingga yaqin murojaat bo‘yicha esa komissiya ijobiy xulosasiga qaramasdan, tuman (shahar) hokimlari tomonidan asossiz ravishda qaror qabul qilinmagan.

Top