22:41 / 14.01.2021
14201
AQShdagi eng qimmatbaho uy sotuvga qo‘yildi

AQShdagi eng qimmatbaho, narxi 160 mln dollarga baholanayotgan uy sotuvga qo‘yildi. Ta'kidlanishicha, uyni 2018 yilda ham sotishga urinishgan.    

Foto: conciergeauctions.com

Concierge Auctions auksion uyi ma'lumotlariga ko‘ra, ikki qavatli hashamatli Villa Firenze villasining maydoni 6 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. U kaliforniyalik arxitektor Uilyam Xablinski tomonidan loyihalangan.

Uyda 13ta yotoqxona, 25ta vannaxona, bir nechta kamin bor. Uyning hududida, shuningdek, mehmonlar uchun mo‘ljallangan 3ta uy, basseyn, jakuzi, tennis korti va o‘z ichiga 30ta mashinani sig‘dira oladigan avtoturargoh bor. Ta'kidlanishicha, uyga 7 kishi xizmat ko‘rsatadi va ularning xizmat haqlari ham uy narxi ichiga kiritilgan.

Hashamatli uy Kaliforniyaning Nort-Beverli-Park tumanida joylashgan bo‘lib, bu yerda qo‘shiqchi Rod Styuart, aktyorlar Denzel Vashington va Silvestr Stallone yashaydi.

“Bu bitim auksionlardagi ko‘chmas mulk savdosi tarixidagi eng qimmati bo‘ladi. Uy egalari uchun uyni aynan shunday usul bilan sotish eng xavfsiz hisoblanadi”, deb aytgan auksion uyi rahbari Chad Roffers.

Uyni 2018 yilda ham sotishga urinishgan. O‘shanda uning narxi 165 mln dollarga baholangan.

Top