16:59 / 14.01.2021
26560

Davlat rahbarlari orasida kimning Telegram-kanali eng ko‘p obunachiga ega?

 O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy Telegram-kanalidagi obunachilar soni 193 ming nafar bo‘lib, kanal bu borada uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

 Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov oddiy foydalanuvchilar qatorida dunyo siyosatchilari ham messenjerdan foydalana boshlashganini ma'lum qildi. Uning yozishicha, joriy haftada Braziliya va Turkiya prezidentlari Telegram’da o‘z kanallarini ochishgan.

Durov ushbu kanallar rasmiyligini tasdiqlovchi ko‘k belgilarga egaligini ta'kidladi.

 Uning qo‘shimcha qilishicha, Telegram boshqa ijtimoiy tarmoqlardan farqli o‘laroq, shaffof bo‘lmagan algoritmlardan foydalanmaydi. Shu tarzda, Telegram-kanallar davlat rahbarlarining o‘z auditoriyasi bilan bevosita muloqot qilish uchun yagona vosita bo‘ladi.

 Maps&Data kanalining ma'lumotiga ko‘ra, eng ko‘p obunachisi bo‘lgan Telegram-kanaliga ega davlat rahbari Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru hisoblanadi. Uning kanalidagi obunachilar soni 263 ming nafarni tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning kanali bo‘lib, obunachilar soni 234 ming nafar. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy Telegram-kanalidagi obunachilar soni 193 ming nafar bo‘lib, kanal bu borada uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

 Davlat rahbarlarining tasdiqlangan Telegram-kanallari:

 1. @jairbolsonarobrasil – Braziliya prezidenti, 263 ming obunachi

2. @RTErdogan – Turkiya prezidenti, 234 ming obunachi

3. @shmirziyoyev – O‘zbekiston prezidenti, 193 ming obunachi

4. @PresidenteAMLO – Meksika prezidenti, 106 ming obunachi

5. @iingtw – Tayvan prezidenti, 50 ming obunachi

6. @V_Zelenskiy_official – Ukraina prezidenti, 49 ming obunachi

7. @bnetanyahu – Isroil bosh vaziri, 29 ming obunachi

8. @leehsienloong – Singapur bosh vaziri, 17 ming obunachi

9. @emmanuelmacron – Fransiya prezidenti, 9 ming obunachi

Avvalroq Durov Telegram messenjerida faol foydalanuvchilar soni 500 million nafardan oshganini ma'lum qilgandi.

 Eslatib o‘tamiz, WhatsApp foydalanuvchilarning ma'lumotlarini o‘zi tegishli bo‘lgan Facebook kompaniyasiga bera boshlagani haqida ma'lum qilgach, Telegram foydalanuvchilari soni odatdagidan tezroq ko‘paya boshladi.

Top