14:53 / 14.01.2021
2928
Kun.uz jurnalistika sohasida tahsil olayotgan talabalar uchun ta'lim granti e'lon qildi

Bir guruh jamoatchilik faollari tomonidan talabalar uchun grant va stipendiyalar joriy qilishga ko‘maklashuvchi Metsenat.uz loyihasi ishga tushirilgan edi. Qisqa vaqt ichida loyiha orqali umumiy qiymati 2,4 mlrd so‘mlik 6ta grant va 2ta stipendiya e'lon qilindi.

Shu o‘rinda Kun.uz nashri ham loyihaning rasmiy axborot hamkori sifatida jurnalistika sohasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar uchun ta'lim granti e'lon qiladi.

Ushbu grantda jurnalistika yo‘nalishining bakalavr bosqichida ta'lim olayotgan barcha bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin. Grant ma'lum bir oliy ta'lim muassasasi uchun mo‘ljallanmagan, jurnalistika yo‘nalishi qaysi OTMda o‘qitilsa, o‘sha oliygoh talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Buning uchun talabalar avvalo metsenat.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tishlari va o‘z shaxsiy anketalarini to‘ldirishlari kerak. Shundan keyin quyidagi havola orqali o‘tib, Kun.uz nashri e'lon qilgan grantga onlayn ariza yuborish lozim bo‘ladi.

G‘oliblarni saralab olishda talabaning moddiy ehtiyojmandligi, o‘qishdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda ijtimoiy hayotdagi faolligi va yutuqlari inobatga olinadi.

Tanlov yakunida 20 nafar talabaga bir yillik stipendiyasiz to‘lov-kontraktining 50 foizi miqdorida summasi (2.885.674 so‘m) Kun.uz nashri tomonidan qoplab beriladi. Ta'lim grantining umumiy miqdori 58 mln so‘mni tashkil etadi.

Arizalar joriy yilning 24 yanvariga qadar metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Metsenat.uz – bu ta'limga homiylik qiluvchi metsenatlar hamda talabalar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tovchi ijtimoiy loyiha bo‘lib, unda turli tashkilotlar, idoralar, kompaniya va tadbirkorlar ta'lim granti hamda stipendiyalar e'lon qilishlari mumkin. Hozirda platformada yana quyidagi grantlar uchun arizalar qabul qilinmoqda:

👉 «Project Managers» MChJ tomonidan o‘zlashtirishidan qat'i nazar bo‘lajak IT-mutaxassislari uchun e'lon qilingan 20 mln so‘mlik grant.

Kvota: 5ta

Arizalar: 245ta

Batafsil ma'lumot uchun havola

👉 Shuningdek, Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan qaysi hududda o‘qiyotganidan qat'i nazar qashqadaryolik talabalar uchun innovatsion loyihalarga yo‘naltirilgan ijtimoiy grant e'lon qilingan. Unda 1 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha budjetga ega bo‘lgan birorta innovatsion loyiha taqdim qilish kerak. Viloyat hokimligi ma'qul bo‘lgan loyihani sotib oladi, ya'ni moliyalashtiradi. 6ta yo‘nalish bo‘yicha jami 18 nafar g‘olibga mo‘ljallangan ijtimoiy grantning umumiy miqdori 1 mlrd 800 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Kvota: 18ta

Arizalar: 67ta

Batafsil ma'lumot uchun havola

Top