22:04 / 14.01.2021
7857

«Maosh pastligi sabab xodimlar qo‘nimsizligi yuzaga kelmoqda» - Toshkent shahar suv ta'minoti rahbari

«Toshkent shahar suv ta'minoti» korxonasi rahbari Maqsud Abbosxonov korxonaning moliyaviy ahvoli haqida ma'lumot berdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Korxonada qariyb 4 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladi. Moliyaviy sabablarga ko‘ra, ularning maoshi bir necha yillardan buyon oshirilmay kelmoqda. Ayni kunda o‘rtacha oylik 1,5 mln so‘mga teng.

Maoshning pastligi sabab korxonamizda xodimlar qo‘nimsizligi yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, texnik mutaxassislarning o‘rtacha yoshi tobora qarib bormoqda, yosh kadrlar tizim korxonalarida mehnat qilishni istamaydi», – dedi Abbosxonov 14 yanvar kungi press-turda.

Ma'lum qilinishicha, korxona Toshkent shahriga suv yetkazib berishda 2019 yilda 58,8 mlrd, 2020 yilda esa qariyb 37,8 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Shuningdek, olingan xorij kreditini qaytarish jarayonida ham valuta kursining oshishi natijasida korxona moliyaviy holatiga 2019 yilda 54,0 mlrd, 2020 yilda esa 43,0 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Ta'kidlanishicha, ming litr suv ishlab chiqarilganda, uning 25 foizi, ya'ni to‘rtdan bir qismi elektr energiyasi to‘lovlariga, 3 foizi ichimlik suvi tozaligini saqlash uchun qo‘shiladigan reagentlarga, 20 foizi ichimlik va oqova suv inshootlarining ish rentabelligini oshirish maqsadida olingan xorijiy institutlarning kreditlarini qaytarish uchun, 19 foizi esa ichimlik va oqova suv quvurlarini ta'mirlash va qayta ta'mirlash xarajatlariga ketadi.

Eslatib o‘tamiz, shu oydan boshlab O‘zbekiston miqyosida ichimlik suvi va oqova xizmatlar narxlari oshirildi.

Top