16:28 / 14.01.2021
20104

Qurilish vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Prezidentning 14 yanvardagi qarori bilan, Davronjon Qobiljonovich Odilov qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Vazirlik matbuot xizmatining tayinlov haqidagi xabarida vazir o‘rinbosarining tarjimai holi keltirilmagan.

Davronjon Odilov

Ochiq manbalarda Odilovning davlat idoralaridagi faoliyati xususida ma'lumot yo‘q. Shunisi ma'lumki, u bungacha Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi «Gold Step Invest» MChJ direktorining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

«Gold Step Invest» MChJ 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lib, internetdagi ma'lumotlarga ko‘ra, tadbirkor Davronjon Odilov uning asoschilaridan biri hisoblanadi.

Kompaniya shu paytgacha Toshkent otchopari, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji, «Humson Buloq» sog‘lomlashtirish markazi, «Shedevr», «Novyy vek», «Megapolis» turarjoy majmualari, Buxoro shahridagi 300 o‘rinli perinatal markaz, Respublika pediatriya markazi, «Arktika Bottlers» va «Marvin Brands» zavodlari, Toshkent shahrida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari uchun uylar va Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi IT-maktabning qurilishi, qayta qurilishida ishtirok etgan.

Bundan tashqari, Sardobadagi toshqindan so‘ng, «Gold Step Invest»ga Sirdaryo viloyatidagi Do‘stlik mahallasida 37 ta ko‘p qavatli uy qurish topshirilgan. Odilov 2020 yil avgustda prezident farmoni bilan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil sentyabridan buyon qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Sherzod Hidoyatov 14 yanvar kuni uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri etib tayinlandi.

Qurilish vazirligi 2018 yil aprelida tashkil etilgandi. O‘shanda vazirlikka Olmazor tumani hokimi bo‘lib turgan Abduqahhor To‘xtayev (2005–2011 yillarda Toshkent shahri hokimi bo‘lgan) yangi rahbar etib tayinlangandi. U 2019 yilning mayida lavozimdan ozod etilib, Toshkent shahrining Shayxontohur tumani hokimi lavozimiga o‘tkazildi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda qurilish vazirining birinchi o‘rinbosaridan tashqari yana uch nafar o‘rinbosari bor: Kozim Nosirovich To‘laganov, Shuhratxo‘ja Rahmatjonovich Hoshimov, Erkin Bo‘riyevich Iskandarov.

Top