17:03 / 14.01.2021
6328
Ravshan Ermatov o‘n yillikning eng yaxshi hakamlari qatoridan joy oldi. U Osiyoda hamon yetakchi 

Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi jahonning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yaxshi hakamlari reytingini e'lon qildi.

Reyting hakamlarning 2010 yildan hozirgacha bo‘lgan yillar davomidagi faoliyatiga qarab ochko berilgan holda tuzilgan. 

E'tiborlisi, jahonning so‘nggi o‘n yillikdagi eng yaxshi hakamlari 20taligidan Ravshan Ermatov ham joy olgan. O‘zbekistonlik sobiq referi 33 ball bilan 16-o‘rinda qayd etilgan. Bu borada Ermatov hamon Osiyoning eng yaxshi hakami bo‘lib turibdi. Reytingdan eronlik Ali Rizo Fag‘oniy ham joy olgan. 

Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onalarini germaniyalik Feliks Brix, turkiyalik Junayd Chaqir va niderlandiyalik Born Kyupers egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Ravshan Ermatov 2020 yilda hakamlik faoliyatini yakunlab, O‘zbekiston futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti etib tayinlangandi. 

O‘n yillikning eng yaxshi hakamlari: (IFFHS talqini):
1. Feliks Brix (Germaniya) – 141 ochko
2. Junayd Chaqir (Turkiya) – 140
3. Born Kyupers (Niderlandiya) – 133
4. Nikola Ritssoli (Italiya) – 113
5. Nestor Pitana (Argentina) – 88
6. Hovard Uebb (Angliya) – 76
7. Damir Skomina (Sloveniya) – 76
8. Martin Atkinson (Angliya) – 69
9. Viktor Kashshai (Vengriya) – 56
10. Antonio Lahoz (Ispaniya) – 54
..16. Ravshan Ermatov (O‘zbekiston) – 33.

Top