14:06 / 15.01.2021
7118

2021 yilda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi qaror imzolandi

Yaqin 10 kun ichida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalarida doimiy faoliyat yurituvchi hududiy eksport shtablari tashkil etiladi. 1 fevraldan boshlab eksportchi tashkilotlarga eksportoldi moliyalashtirish ajratiladi.

Foto: Shutterstock

Joriy yil 14 yanvar kuni «2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi. Qarorda joriy yil eksport salohiyatini tiklash va kengaytirish bo‘yicha ishlar haqida ma'lumot berilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, 10 kun muddatda «Ishlab chiqaruvchidan to iste'molchiga» tamoyili asosida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalarida doimiy faoliyat yurituvchi hududiy eksport shtablari tashkil etiladi.

Shuningdek, eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan eksportga yo‘naltirilgan maxsulotlarni ishlab chiqarish uchun 100 million dollar ajratilishi belgilandi. 2021 yil 1 fevraldan eksportchi tashkilotlarga eksportoldi moliyalashtirish ajratilishi ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 apreldan mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek, reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Avvalroq, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov eksportga yuborilgan mahsulot uchun mablag‘ning tadbirkor hisobiga kelib tushishi, uni undirib olish ishlari bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, vazir 2021 yilda o‘zgarayotgan investitsion siyosat haqida ma'lumot bergan.

Top