21:54 / 15.01.2021
16591

Andijonda viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i 300 dollar bilan ushlandi

Andijon viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i A.I. qo‘lga olindi. U bekat qurish uchun tadbirkorga yer olishda yordamlashmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.

Asaka tumanida yashovchi X.N. va R.N. zamonaviy bekat qurish uchun yer maydoni olishda yordam berishni va'da qilib, 12 yanvar kuni bir fuqarodan tamagirlik yo‘li bilan 1000 dollar olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Andijon viloyati bo‘limi xabar berdi.

Mazkur shaxslar pullarni ehtimoliy jinoiy sherigi – Andijon viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi A.I.ning ko‘rsatmasi bilan olganini ma'lum qilgan.

Shundan so‘ng DXX va departament xodimlari tadbirni davom ettirib, A.I. talab qilingan pulning 300 dollarini avans sifatida X.N. va R.N.dan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Holat bo‘yicha X.N., R.N. va A.I.ga nisbatan JKning 168-moddasi 2-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top