16:24 / 15.01.2021
12076
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezident tomonidan 2021 yil 14 yanvar kuni imzolangan 666-sonli qonunga asosan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan 175-8-moddaga ko‘ra, quyidagi to‘rt toifa huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilandi:

  • davlat xaridlari rejalarini, shu jumladan reja-jadvallarini shakllantirish va joylashtirish tartibi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari bo‘yicha e'lonlar joylashtirish tartibini, majburiy muhokama o‘tkazish tartibi va muddatlarini hamda davlat xaridi natijalarini joylashtirish muddatlarini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 115 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • davlat xaridlari to‘g‘risidagi e'lonlarga va xarid hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklovchi axborotni, havolalar va talablarni kiritish, xarid hujjatlarini tasdiqlash hamda buyurtmalarni shakllantirish tartiblarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (2 mln 230 ming so‘mdan 3 mln 345 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tender o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash talablarini buzish, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tovarlarni yetkazib beruvchini, ish bajaruvchini va xizmat ko‘rsatuvchini raqobatli xarid usuli vositasida aniqlash belgilangan hollarda, davlat xaridlarini yagona yetkazib beruvchidan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 345 ming so‘mdan 4 mln 460 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • davlat xaridlari jarayonidagi affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvi haqida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda, davlat xaridlari bo‘yicha takliflarni qabul qilmaslik yoki takliflarni taqdim etish muddatlarini davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda qisqartirish, shuningdek takliflar solingan konvertlarni ochish va xarid hujjatlariga muvofiq takliflarni baholash talablarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 460 ming so‘mdan 6 mln 690 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solish jazosi qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burxonov amaldagi qonun hujjatlariga davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik masalasi kiritilayotganini ma'lum qilgandi.

Top